Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2018 21:12 Chop etish versiyasi

Tibbiyot sohasida xususiy sektorni rivojlantirish – dolzarb masala

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda “Xususiy tibbiyot sohasi faoliyatining huquqiy asoslari” mavzuida davra suhbati tashkil etdi.

Tadbirda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishni kuchaytirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan sog‘liqni saqlash tizimidagi xususiy sektor vakillarini qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi yaratildi. Xususiy tibbiyot muassasalariga tibbiy xizmatning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi. Talab yuqori bo‘lgan qator yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliq va majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etildi. Bo‘shagan mablag‘lar esa ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, servis-texnik xizmat ko‘rsatish, kerakli ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.

– Tibbiyot tizimida xususiy sektorning o‘rni va salohiyati tobora ortib borayotgani sohadagi qonunchilikning bugungi holatini aniqlashni taqozo etadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Mavluda Xo‘jayeva. – Partiyamiz tomonidan mazkur yo‘nalishni o‘rganish jarayonida xususiy tibbiy faoliyatni huquqiy tartibga solish masalasi qonun bilan emas, balki faqat qonun osti hujjatlari bilan tartibga solinayotgani ayon bo‘ldi. Bundan 22 yil oldin, 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni esa xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish uchun yetarli huquqiy hujjat bo‘la olmaydi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, partiyamiz “Xususiy tibbiy faoliyat to‘g‘risida”gi alohida qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Tadbirda O’zLiDeP taklif etayotgan qonun loyihasi keng muhokama qilindi.

Xususiy tibbiyot muassasalari qurish uchun yer maydoni ajratish, nodavlat tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, xususiy tibbiy sektorlarga tijorat banklari tomonidan kam foizli va uzoq muddatli kreditlar ajratish lozimligi qayd etildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 805