Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 14:37 Chop etish versiyasi

Tibbiyot sohasida muhim qo‘llanma

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi doirasida badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop asarlar yozish va ularni chop etish, targ‘ibot qilish, o‘qish va o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tibbiyot fanlari doktori Abdulla Abduhakimov qalamiga mansub «Sirli saraton» kitobining «Navro‘z» nashriyoti tomonidan chop etilishi ham bu boradagi sa’y-harakatlar samarasidir.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filiali va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir mazkur kitob taqdimotiga bag‘ishlandi.

Akademik Ahmadali Asqarov, professor Ubaydulla Uvvatov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-apreldagi «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va tibbiy madaniyatni oshirishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

A.Abduhakimov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida onkologiya va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar dardiga malham topishga intilmoqda.

Tibbiyot sohasida o‘nga yaqin kitob yozgan Abdulla Abduhakimovning «Sirli saraton» kitobi onkologiya va onkologik kasalliklar, ularning muolajasi mavzuiga bag‘ishlangan. Kitob muallifning ko‘p yillik izlanishlari va hayotiy tajribasi natijasidir.

– E’tiborli jihati, bu kitob barcha uchun juda tushunarli, sodda va ravon yozilgan, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi Nodir Rahimov. – Uni o‘qigan kitobxon bu kasallik va undan qanday forig‘ bo‘lish yoki bu kasallikka chalinmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida tushunchaga ega bo‘ladi. Undagi zarur faktlar, ma’lumotlar o‘quvchini sog‘lom hayotga undaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 089






Все о погоде - Pogoda.uz