Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 18:30 Chop etish versiyasi

Germaniyalik shifokorlar Farg‘onada bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi

Germaniyalik shifokorlar Farg‘onada bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Prezidentimiz rahnamoligida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbir mamlakatimizda aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy-tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlarning yana bir ifodasi bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yozyovonlik Gavharoy Bozorboyeva 8 yoshda. U fevral oyida tug‘ma peshob yo‘li kasalligi bilan Germaniya klinikalaridan birida muolaja olib qaytdi. Mana shunday loyihalar asosida salomatligi yaxshilanayotgan bolalar anchagina.

Tibbiy ko‘rikka shahar va tumanlardan asosan tana tayanch harakat tizimi, tug‘ma yurak nuqsoni, terida kuyish asoratlari, oshqozon kasalliklariga chalingan o‘g‘il-qizlar jalb qilindi.

Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar, zamonaviy tibbiy jihozlar ko‘rikning samarali o‘tishida muhim ahamiyat kasb etdi. Germaniyalik shifokorlar bilan birga mamlakatimiz shifokorlari bemorlarga o‘z maslahatlarini berdi. Bu yerda tanlab olingan ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bemor bolalar xorijiy klinikalarda sog‘lomlashtiriladi.

– Bemor bolalar orasida urologik kasalliklarga chalinganlar ham mavjud, – deydi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining vrach-urologi Sulaymon Isoqjonov. – O‘tgan yili peshob yo‘li tizimida nuqsoni bo‘lgan 530 nafar bolani jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolashga erishdik. Viloyatimizda bu sohada katta salohiyatga ega mutaxassis shifokorlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning muolajalari bilan kasallik asoratidan bir umrga xalos bo‘lgan bolalar ko‘p. Bugun germaniyalik hamkasblarimiz bilan bu borada tajriba almashdik.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 436






Все о погоде - Pogoda.uz