Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 20:12 Chop etish versiyasi

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning roli

Toshkent shahrida 11-iyun kuni “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlaydi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Konferensiyada BMT, YEI, YEXHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Niderlandiya, Latviya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Kuvayt, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston singari mamlakatlar delegatsiyalari, xorijlik ekspertlar, senatorlar, deputatlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, fan arboblari, OAV xodimlari ishtirok etadi.

Anjumanda yoshlar orasida terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishning siyosiy-huquqiy asoslari, bu jarayonda ularning rolini oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligini kuchaytirish, internet va ommaviy axborot vositalarida bunday illatlar tashviqotining oldini olish, yosh avlod vakillari terrorizm va tajovuzkor ekstremizm ta’siri ostiga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fan, madaniyat, sport sohalarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamjihatligini mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, tajovuzkor ekstremizm va terrorizmning oldini olishda zamonaviy tahdidlar va yoshlar tashkilotlarining o‘rni, navqiron avlod o‘rtasida terrorizmga sabab bo‘luvchi omillarga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks yondashuv, mintaqa mamlakatlari yoshlarining xalqaro uyushmasini tashkil etish yuzasidan atroflicha fikr almashiladi.

Konferensiya doirasida 12-iyun kuni Samarqand shahrida “Millatlararo va dinlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston tajribasi” mavzusida diniy konfessiyalar va milliy madaniy markazlar vakillari ishtirokida muloqot tashkil etiladi.

O‘zA
2 456