Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 16:46 Chop etish versiyasi

Termiz shahrida osoyishtalik posbonlari qasamyod qildi

Termiz shahrida osoyishtalik  posbonlari  qasamyod  qildi Termiz shahridagi Xotira maydonida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar vakillari, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, profilaktika inspektorlari oila a’zolari, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, joylarda huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning huquq-tartibot idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash tizimini yangi uslubda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qabul qilgan qator farmon va qarorlari bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.

5 (1).jpg

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashish va ularning oldini olishga munosib hissa qo‘shayotgan profilaktika inspektorlari hududning o‘zida barcha sharoitga ega xizmat uyi bilan ta’minlanmoqda.

Mazkur qarorga muvofiq, yaqinda Surxondaryo viloyatida ham 228 profilaktika inspektoriga xizmat uyi hamda imtiyozli kredit asosida ajratilgan zamonaviy avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirilgan edi. Bu safar yana 140 nafar profilaktika inspektoriga shunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.

1.jpg

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanbasi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb belgilangani hamda profilaktika inspektorlariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilmoqda. Chunonchi, joriy yilning 11 oyida viloyatda umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 808 taga, jumladan, firibgarlik, o‘g‘rilik, bezorilik, qasddan badanga yengil jarohat, o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi 10 dan ortiq turdagi jinoyatlar keskin kamaygan. 100 dan ortiq mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan.

Tadbirda profilaktika inspektorlari tantanali qasamyod qabul qildi. Ularga zamonaviy xizmat uyi va yangi avtomashina kaliti topshirildi.

Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va boshqalar Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli profilaktika inspektorlariga yaratilayotgan bunday imtiyoz va yengilliklar ularning faoliyat samaradorligini yanada oshirib, joylarda fuqarolarning tinch-osoyishta turmushini ta’minlashga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Zamonaviy xizmat uyi va yangi avtomashina kalitini olgan osoyishtalik posbonlari safida kapitan Elbek Shoymardonov ham bor. U xizmat qilayotgan Uzun tumanidagi Chinor va Kichik jonchekka mahallalarida yilning o‘tgan davrida birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

– Sariosiyo tumanidagi Hamkorlik mahallasida yashayman, – deydi profilaktika inspektori Elbek Shoymardonov. – Shu paytgacha qo‘shni tumanga qatnab ishlaganim bois xayolim ikkiga bo‘linib yurardi. Uyga borsam, mahallani o‘ylayman. Ishda ikki farzandimning sog‘ligiyu, yurish-turishidan xavotir bo‘laman. Mahalla hududida qurib berilgan zamonaviy xizmat uyida oilam bilan yashash uchun barcha sharoit bor. Hududimizda 7 ming 200 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Endilikda shu yerda yashayman. Bolalarim ham ko‘z o‘ngimda ulg‘ayadi. Bu mening tunu kun hududda bo‘lishim va xotirjam xizmat qilishim uchun juda qulay. Bugungi marosimda o‘ta mas’uliyatli va sharafli kasbni tanlaganimdan yana bir bor faxrlandim. Kelgusida o‘z hududimda osoyishtalikni ta’minlab, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek olijanob ishga bor bilim va tajribamni safarbar etishga va’da beraman.

Tantanali marosimda profilaktika inspektorlariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor keksa avlod vakillari, osoyishtalik posbonlarining ota-onalari, yoshlar qalbida ham g‘urur tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

– Yaratganga shukr, yurtimiz tinch, turmushimiz farovon, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat tobora mustahkamlanmoqda, – deydi Angor tumanidagi Qorabog‘ mahallasida yashovchi Boymurod Xolhaitov. – Uch o‘g‘lim bor. Kenjamiz O‘roljon Jarqo‘rg‘on tumanida profilaktika inspektori bo‘lib ishlaydi. Saharmardonda uydan chiqib ketib, tun allamahalga borganda qaytadi. Hozirgacha akalarining mashinasida ishga qatnab yurgan edi. Mana, xizmat qilayotgan mahallasidan barcha qulayliklarga ega uy qurib berishdi. Yangi shaxsiy mashinali ham bo‘ldi. Osoyishta hayotimiz, to‘kin turmushimizni ta’minlashga yuksak e’tibor qaratayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari O.Murodov, R.Komilov, Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
675






Все о погоде - Pogoda.uz