Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 19:10 Chop etish versiyasi

Temuriylar tarixini o‘rganishning ahamiyati

Toshkent davlat yuridik universiteti va Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 681-yilligiga bag‘ishlab «Temuriylar tarixini o‘rganishning umumbashariy ahamiyati» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.Kanyazov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.Fayziyev va boshqalar jahon tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan Amir Temur hayoti va faoliyati buyuk davlat barpo etish, diyorimizni yanada rivojlantirishni maqsad qilgan yurtdoshlarimiz uchun ibrat va namuna ekanligini ta’kidladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Amir Temur shaxsi Vatan, millat timsoliga aylanib, buyuk sarkardaning boy merosini, tarixini batafsil o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Samarqand, Shahrisabz va Toshkent shaharlarida Amir Temurga haykallar o‘rnatildi. Amir Temur o‘z faoliyatida adolatni, insof va diyonatni, xalqparvarlik va insonparvarlikni o‘zgarmas qoida qilib olgani qayd etildi.

Tadbirda Amir Temurning ilm-fan, san’at va madaniyat sohalarida, mamlakat obodligi borasida Movarounnahr, xususan, Samarqandda amalga oshirgan ulkan bunyodkorlik ishlari xususida ma’lumot berildi. Temuriylar hukmronligi davrida yaratilgan tarixiy asarlar va ularning hozirgi kundagi ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

– Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi boy merosini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni shu bebaho merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Hakim Azimov. – Sohibqironning bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari bilan birga, millatlar o‘rtasida totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik tamoyili asosida mamlakatni boshqarib, xalqlarni o‘zaro yaqinlashtirishdagi hissasi har birimizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.

Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari ijrosida badiiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 527






Все о погоде - Pogoda.uz