O‘zA O`zbek

07.02.2018 14:49 Chop etish versiyasi

“Temir tulpor” bilan hazillashmang!

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi xodimlari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda temir yo‘l infratuzilmasi xavfsizligini saqlash mas’uliyati haqida so‘z yuritildi.

– Temir yo‘llar mamlakat iqtisodiyotining qon tomiriga qiyoslanadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Hazorasp tumani kengashi raisi Zokir Ro‘zmetov. – Temir yo‘llarda xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi zamon talablari asosida rivojlanib, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi muttasil o‘sib bormoqda. Bu temiryo‘ldan foydalanish, temir yo‘l liniyalari o‘tgan hudud atrofida yashovchi aholining xavfsizligini ta’minlashni yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Tadbirda aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida faqat belgilangan maxsus yo‘laklardan o‘tish, temir yo‘l atrofida o‘ynamaslik, chorva mollarini boqmaslik tushuntirildi. O‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida temir yo‘llar bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklar keskin kamayishiga erishilmoqda.

Tadbirda transport tizimida harakat xavfsizligini buzish, transport vositalariga shikast yetkazish va boshqa qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’kidlandi. Temir yo‘l vokzallari va kesishmalarida, yo‘lovchi poyezdlardan foydalanishda amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar to‘g‘risida tushuntirishlar berilib, turli ko‘rgazmali surat va videoroliklar namoyish etildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
7 887