Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 12:21 Chop etish versiyasi

Telefonga yashirilgan behayolik

Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq, mamlakatimizga pornografik mazmundagi materiallarni olib kirish taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari tomonidan bojxonaga oid qonunbuzarliklarning oldini olish va unga chek qo‘yish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo, shunga qaramay, hali-hanuz fuqarolar tomonidan bojxona orqali qo‘l telefoni va boshqa axborot tashuvchi vositalarda behayolikni targ‘ib etuvchi materiallarni olib o‘tishga urinishlar tez-tez uchramoqda.

Yana shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortilishga ham sabab bo‘ladi.

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017- yilda bojxona xodimlari tomonidan voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mazmundagi materiallar bilan bog‘liq 9 qonunbuzarlik holati aniqlangan.

Misol uchun, “Sankt Peterburg – Urganch” yo‘nalishidagi 638-aviareys bilan kelgan Hazorasp tumani Pitnak shahrida istiqomat qiluvchi Doniyor Mansurov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli “Samsung” rusumli qo‘l telefoni xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 16 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi. Ushbu videolavhalar orasida voyaga yetmagan shaxslar tasvirlangan pornografik mazmundagi videolavha ham mavjud ekani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 130-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi va sud tomonidan huquqbuzarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 15 barobari, ya’ni 2 million 246 ming 625 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Urganch xalqaro aeroportiga 2017 -yilning so‘nggi kunlarida “Moskva – Urganch” yo‘nalishida uchib kelgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani Beruniy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qurbon Adilbekovning qo‘l yuklari yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, deklaratsiyada ko‘rsatilgan “Samsung GALAXY J3” rusumli qo‘l telefoni va unga o‘rnatilgan xotira kartasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 38 dona pornografik mazmundagi videolavha saqlangani ma’lum bo‘ldi. Achinarlisi, mazkur videolavhalarning 3 tasi voyaga yetmagan shaxslar tasvirlangan pornografik mazmundagi videolavhalardir. Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Ahmajdon Shokirov, O‘zA
9 077