Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.06.2018 12:12 Chop etish versiyasi

Tashlab ketilgan chaqaloqlar “Go‘daklar uyi”da. Siz u yerda bo‘lganmisiz?

Tashlab ketilgan chaqaloqlar “Go‘daklar uyi”da. Siz u yerda bo‘lganmisiz?
Samarqand shahri, So‘g‘diyona massivida go‘daklar uyi joylashgan. Bu yerda uch yoshgacha bo‘lgan go‘daklar va yetti yoshgacha imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanadi.

Bu dargohga tez-tez borib turaman. Shuning uchun ham muassasaning Maqsuda Sohibova, Aziza O‘rinova, Roziya Hamidova, Navro‘za Ismoilova, Nodira Vohidova, Munira Latipova kabi xodimlari menga yaxshi tanish.

Bir narsa meni qiynaydi. To‘g‘ri, muassasada hamma sharoit bor. Bolalar uchun zarur barcha narsalar muhayyo. Ammo bu yerda ota-ona mehri yo‘q.

– Yaqinda bir noxush holat yuz berdi, – deydi muassasa mudirasi Maqsuda Sohibova. – Ichki ishlar xodimlariga shahar istirohat bog‘idan go‘dak bola topib olingani haqida xabar qilishdi. Viloyat IIB tomonidan tuzilgan dalolatnoma hamda vasiylik-homiylik bitimi asosida, go‘dak muassasamizga joylashtirildi. Unga ism qo‘yilib, Davlatov familiyasi berildi. Afsuski, bolajonligi, bag‘rikeng¬ligi bilan dunyoga dong taratgan xalqimiz orasida ham bunday holatlar uchrab turibdi.

Bolalar muassasamizda har tomonlama parvarish qilinadi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiy markaz xodimlari tomonidan yiliga ikki marta fevral-mart oylarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Yiliga to‘rt marta sog‘-lomlashtirish, davolash amaliyotlari kun tartibiga kiritilgan. Jarayonga fizioterapevt, logoped, defektolog, nevropotolog kabi mutaxassislar jalb etiladi.

Mudira opa so‘zlayaptiyu qator belanchaklarda yotgan bolakaylarning nigohlariga tikilaman. Bu qanday ko‘rgulikki, inson hali esini tanib ulgurmay yetimlikka mahkum qilinsa?! Ertaga bayram, bolalarni himoya qilish kuni. O‘z ota-onasidan mehr ko‘rmagan, davlat qaramog‘ida qolgan go‘daklar ham himoyaga muhtoj. Ular ham mehrni tuyishga haqli!

Tolib Jo‘rayev,
mehnat faxriysi.

3 265