Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 17:52 Chop etish versiyasi

Tashabbuskorlikka chorlayotgan tanlov

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromov va boshqalar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik xalqning turmush darajasini yaxshilash, aholining real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlashning muhim omili bo‘layotganini qayd etdi. Mazkur tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar xususiy sektorning taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi bunga yorqin misoldir.

1996-yilda asos solingan tanlov kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari erishayotgan ilg‘or natijalarni targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida ishbilarmonlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, tadbirkorlarning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilib kelmoqda. O‘tgan davrda tanlovda 200 mingga yaqin fermer, hunarmand va tadbirkor qatnashdi. Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va o‘rni mustahkamlanib borishi samarasida tanlov ko‘lami tobora kengayib borayotir. 2016-yilgi tanlov bosqichlari 8 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti vakillarini o‘zida birlashtirdi.

So‘nggi yillarda ishtirokchilar orasida farmatsevtika, to‘qimachilik sohasida eksportbop mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotir. Fermerlik yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan mulkdorlar ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz hududlarida tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan xalq amaliy san’ati namunalarini tayyorlayotgan usta va kosiblar hunarmandlik sohasida o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Tadbirda joriy yil ushbu ko‘rik-tanlovga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi tegishli farmoyishiga muvofiq tayyorgarlik ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” asosiy nominatsiyalari, shuningdek, “Yilning eng yosh tadbirkori”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsiya loyihasi”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti” qo‘shimcha nominatsiyalari bo‘yicha aniqlanadi.

– Bundan tashqari, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq «Tashabbus – 2017» ko‘rik-tanlovida ikkita qo‘shimcha nominatsiya joriy qilindi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bosh mutaxassisi Isomiddin Nuriddinov. – Bu nominatsiyalarda o‘z savdo belgisini ichki va tashqi bozorlarga muvaffaqiyatli tatbiq etgan hamda yangi bozorlarni egallagan, shuningdek, import o‘rnini bosadigan, eksportbop yangi mahsulotlar ishlab chiqargan tadbirkorlik subyektlari g‘oliblik uchun kurashishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘rik-tanlov doirasida tadbirkor, fermer va hunarmandlar poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlari va litsey o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun mahorat saboqlari o‘tkazadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Behzod Bozorov, O‘zA
1 158






Все о погоде - Pogoda.uz