O‘zA O`zbek

23.04.2018 17:19 Chop etish versiyasi

Tarixi tutash, tutimi o‘xshash xalqmiz

O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Unda bir oiladek istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib keladi. Bugun jonajon diyorimizda yashayotgan turkman millatiga mansub aholi ham barcha jabhadagi islohotlarimizga hamohang mehnat qilmoqda.

Tarixi tutash, tutimi o‘xshash ikki xalq vakillari bir-biri bilan quda-anda, do‘st-birodar bo‘lib ketgan. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sa’y-harakatlari bilan keyingi yillarda yo‘lga qo‘yilgan do‘stona munosabatlardan barchamiz birdek xursandmiz.

O‘zbekistonda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan turkman millati vakillarining mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda. 2017 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni asosida bir qator millatdoshlarimiz Vatanimizning yuksak muokfotlari bilan taqdirlandi. Toshkentda “Turkmaniston kinosi kunlari” bo‘lib o‘tdi. Buyuk turkman shoiri Maxtumquli she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitob holida chop etildi, Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Maxtumquli nomi berilib, shoir xotirasiga yodgorlik o‘rnatildi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joyida Ashxobod bog‘i ochildi.

Turkmanistonda ham ikki xalq do‘stligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Turkmanobod shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga Islom Karimov nomi berilib, haykali qad rostladi. Islom Karimovning yodgorlik majmuiga bitilgan “Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik — bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdir” degan so‘zlari bugungi do‘stona munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga chorlab turibdi.

O‘zbekistonda 40 dan ziyod turkman tilida ta’lim beradigan umumta’lim maktablari mavjud. Ularda yoshlarimiz Vatanga muhabbat ruhida kamol topmoqda. Turkman milliy madaniy markazimiz faoliyati esa mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turkman millatiga mansub aholini milliy qadriyatlarni e’zozlashga, ularni yosh avlodga yetkazishga, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Bugun Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.

Guldona Avezturdiyeva,
Respublika turkman milliy
madaniy markazi faoli.

O‘zA.
2 424