O‘zA O`zbek

12.07.2019 19:21 Chop etish versiyasi

Tarbiyasi ogʻir yoshlar uchun harbiy taʼtil

Tarbiyasi ogʻir yoshlar uchun harbiy taʼtil

Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda tarbiyasi ogʻir oʻquvchi-yoshlar bir hafta davomida harbiylardek hayot kechiradi

Mirobod tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda Toshkent shahar ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turgan 30 nafar oʻquvchi-yoshlar uchun bir haftalik amaliy seminar oʻtkazilmoqda.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbir davlatimiz rahbari ilgari surgan besh muhim tashabbusning amaliy namunasidir.

– Yoshlarning maʼnaviy va maʼrifiy, jumladan, madaniyat, sanʼat sohasidagi bilimini oshirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarida ishtirokini taʼminlash borasida bir haftalik reja tuzib olganmiz, – deydi katta leytenant Oʻktam Ochilov. – Harbiy qismda ular uchun psixologik treninglar, profilaktik suhbatlar, saf tayyorgarligi boʻyicha maxsus mashgʻulotlar, vatanparvarlik ruhini targʻib qiluvchi videofilmlar namoyishi, kitoblar mutolaasi, kompyuter texnologiyalari hamda rassomchilik toʻgaraklari kabi amaliy mashgʻulotlar tashkil qilingan. 

Hafta davomida yosh askarlardan tashkil topgan badiiy va harbiy orkestrlarning konsert dasturlari, safda qoʻshiq aytish hamda qoʻl jangi koʻrgazmali chiqishlari namoyish etilmoqda.

Taʼkidlash joiz, bu kabi amaliy tadbirlar yoshlar tomonidan sodir etilayotgan turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, el-yurt xizmatiga doimo tayyor farzand sifatida tarbiyalashga qaratilgan. 

Eslatib oʻtamiz, tarbiyasi ogʻir oʻquvchi-yoshlar uchun tashkil etilgan maxsus harbiy taʼtil 15-iyulga qadar davom etadi.

OʻzA
845