Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 19:13 Chop etish versiyasi

Taraqqiyotimizning muhim omili

Gulistonda “Harakatlar strategiyasi – iqtisodiy islohotlarning muhim omili” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi va Guliston davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, deputatlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasida mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha aniq hayotiy islohotlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgani ta’kidlandi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal taraqqiy ettirish uchun sharoit yaratish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek ezgu maqsadlar yo‘lida dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

“Harakatlar strategiyasi – iqtisodiy islohotlarning muhim omili”, “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari”, “Globallashuv davrida yoshlar ongiga tahdid soluvchi axborot xurujlari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

– Harakatlar strategiyasining birinchi yo‘nalishida davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi O.Qudratov. – Bu qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Bu siyosiy partiyalarning aholini o‘ylantirayotgan muammolarga samarali yechim topish va hududlarni rivojlantirishda faol ishtirok etishiga mustahkam zamin yaratadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 284






Все о погоде - Pogoda.uz