Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 17:12 Chop etish versiyasi

Taraqqiyot strategiyasi markazi ish boshladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlangani o‘zbek davlat boshqaruvi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda aniq, hayotiy islohotlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgani mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un, jadal rivojlantirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 14-fevraldagi farmoyishi bilan Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi. Mazkur farmoyishga ko‘ra, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlik va jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, ularni mukammal amalga oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ekspertlar va olimlarni mamlakatimizni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish jarayonlariga faol jalb etish maqsadida poytaxtimizda Taraqqiyot strategiyasi markazi tashkil etildi.

Mazkur markaz ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimida bu jihatlarga yana bir bor e’tibor qaratildi. Tadbirda mamlakatimiz parlamenti a’zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat va jamoat tashkilotlarining rahbar va mutaxassislari, mamlakatimizdagi qator xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Taraqqiyot strategiyasi markazining ijrochi direktori A.Burhonov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori J.Makgregor va boshqalar Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida taraqqiyotning yangi «o‘zbek modeli» ekanini ta’kidladi. Taraqqiyot strategiyasi markazi Harakatlar strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o‘taydi.

Markaz – nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston advokatlar palatasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyalari muassisligida tashkil etildi.

Markaz Harakatlar strategiyasi doirasidagi tadbirlar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro standartlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning baholari, fikr-mulohazalarini o‘rganadi. Bu borada amalga oshiriladigan tadbirlarning ekspertlar va jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilishini tashkil qiladi, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan qonun, qonunosti va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Markazning xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Uning yana bir asosiy vazifasi – Harakatlar strategiyasi va uning asosidagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha aholining fikr-mulohazalarini o‘rganish, ular yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Taraqqiyot strategiyasi markazi Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda dastlabki media maydonchasini tashkil qildi. Mazkur zal zamonaviy interer, axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Bu yerda Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi, yangi qonun va qonunosti hujjatlari, mamlakatimizda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayon jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Shu maqsadda muntazam ravishda brifing, tok-shou, bahs-munozaralar, intervyu va matbuot anjumanlari tashkil qilinadi. Bu Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishi jarayonini jamoatchilik tartibida tzimli monitoring qilish imkonini beradi.

– Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasi, talab-istaklari asosida ishlab chiqilgani, pirovardida inson manfaatlarini amalda ta’minlashga xizmat qilishi bilan BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘la mos keladi, – deydi BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Harakatlar strategiyasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitni yaratish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi ezgu maqsadlarning belgilangani O‘zbekistonda nainki besh yillik, balki uzoq istiqbolda barqaror rivojlanish va taraqqiyotga erishish uchun mustahkam zamin yaratilganidan dalolatdir. Mazkur strategik maqsadlar mamlakatning xalqaro konvensiyalarni bajarish borasida zimmasiga olgan vazifalarini to‘la amalga oshirishida ham katta imkoniyatlar taqdim etadi.

Tadbirda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, Taraqqiyot strategiyasi markazining maqsad-vazifalari haqida ma’lumotlar berildi, bu borada turli soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Umid Yoqubov, O‘zA
3 373






Все о погоде - Pogoda.uz