Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 17:04 Chop etish versiyasi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi dunyoda yangi tashkil etilgan “aql markaz”lari 50 talik reytingiga kiritildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi dunyoda yangi tashkil etilgan “aql markaz”lari 50 talik reytingiga kiritildi 2017-yil yakunlariga ko‘ra, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi “Global Go To Think Tank Index Report” dunyodagi tadqiqot va tahlil markazlari yillik reytingiga kiritildi.

2018-yilning 31-yanvar kuni dunyo “aql markaz”larining eng nufuzli reytingi hisoblanuvchi «Global Go To Think Tank Index Report» tadqiqot va tahlil markazlari reytingi e’lon qilindi. Mazkur hisobot Pensilvaniya universiteti (AQSh) tomonidan 2008-yildan buyon dunyo miqyosida hukumat va fuqarolik jamiyati “aql markaz”larining rolini o‘rganish hamda ularning salohiyatini va samaradorligini oshirish maqsadida “Tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida muntazam tayyorlab kelinadi.

Reytingni tuzish jarayonida 7815 ta “aql markaz”larining o‘tgan yildagi faoliyati tahlil qilingan. Unda turli nominatsiyalar taqdim etilgan bo‘lib, ular, o‘z navbatida, 4 ta asosiy guruhga bo‘lingan. Reyting TACTSP Global Think Tank Database ma’lumotlar bazasiga kiritilgan 62 mingdan ortiq nufuzli ekspertlar, jurnalistlar, siyosatchilar hamda iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar sohasi mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida tuzilgan.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra O‘zbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” markazi, “Amerika siyosati milliy jamg‘armasi”, Niderlandiyaning “Integratsiya va jamiyat ilmiy platformasi” kabi qator nufuzli institutlar qatorida “2017 yilning yangi tashkil etilgan eng yaxshi “aql markazi” nominatsiyasi bo‘yicha elliktalik reytingida e’tirof etildi. Ushbu nominatsiyada so‘nggi 24 oy davomida tashkil etilgan va ilg‘or xorijiy tajriba hisoblanadigan “aql markazlari” ko‘rib chiqildi.

Ushbu ro‘yxatga, qoida tariqasida, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun konkret takliflar ishlab chiqadigan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlarga jamiyatning o‘z hissasini qo‘shishiga yordam beradigan hamda davlatning dunyoga yuz tutishida faol ishtirok etadigan “aql markazlari” kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘z faoliyatini bir nechta yo‘nalishlarda olib boradi. Markaz, avvalambor, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilish holati to‘g‘risida keng jamoatchilikka axborot berib boradi. Shuningdek, turli forum, anjuman, jamoatchilik muhokamalari va ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish orqali davlat va fuqarolar o‘rtasida ochiq muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, markaz Davlat dasturida ko‘zda tutilgan islohotlar amalga oshirilishiga ko‘maklashish maqsadida xorijiy va xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy va ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik qiladi.

Markaz mutaxassislari qonun loyihalariga muntazam ekspertlik xulosalarini taqdim etadi, Harakatlar strategiyasi doirasida tahliliy ma’ruzalar tayyorlaydi, shuningdek, aholi fikrlari hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish natijasida davlat dasturlari loyihalariga takliflar kiritadilar.

Ma’lumot uchun: “Global Go To Think Tank Index Report” tadqiqot va tahlil markazlarining yillik reytingi “Ekspertlik-tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida 2008-yildan buyon e’lon qilinib kelinadi. Ushbu reyting mintaqaviy va global siyosiy institutlar hamda hamjamiyatlar tarmog‘ini yaratish imkonini beradi. Bu esa jamiyat hayotining turli sohalarida ro‘y berayotgan siyosiy sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga hamda dunyo miqyosida demokratik va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda Yevropa siyosiy strategiyalar markazi, Siyosiy tadqiqotlar instituti (AQSh), Alibaba aql markazi (Xitoy), Yevropa xalqaro munosabatlar markazi, Amerika taraqqiyot markazi singari dunyoning yetakchi institutlari “2017-yilning eng yaxshi yangi “aql markazi” nominatsiyasida eng yaxshi aql markazlari sifatida e’tirof etilgan edi.


7 386