Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.11.2017 19:00 Chop etish versiyasi

Taniqli kosmonavt Xalqaro press-klub mehmoni

Xalqaro press-klubning navbatdagi yig‘ilishi yurtdoshimiz, mashhur kosmonavt Vladimir Jonibekov ishtirokida press-qahva shaklida bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan vatandoshimiz besh marta koinotga parvoz qilgan. Eng uzoq – beshinchi parvozi davomida «Soyuz T-13» kemasi kapitani sifatida «Salyut-7» orbital stansiyasi ustidan nazoratni tiklash uchun yuborilgan va 115 sutka mobaynida ochiq fazoda bo‘lgan. U, shuningdek, Mo‘g‘uliston qahramoni, Fransiyaning Faxriy legion ordeni komandori hisoblanadi. Mamlakatimizning Kosmonavtlar shoh ko‘chasida uning byusti o‘rnatilgan, Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi maktablardan biriga Vladimir Jonibekov nomi berilgan. U Chirchiq va G‘azalkent shaharlarining faxriy fuqarosi hamdir.

Vladimir Aleksandrovich 6-noyabr kuni o‘zbek xalqining atoqli farzandi Sharof Rashidov haykalining ochilish marosimida ishtirok etdi, shu kuni Chorvoqda yashaydigan otasi Aleksandr Arxipovichni 100 yillik yubileyi bilan tabrikladi.

Jurnalistlar bilan suhbatda Vladimir Jonibekov Sharof Rashidov bilan uchrashuvlarini yana bir bor samimiyat bilan xotirladi, uning qiziquvchanligini, koinot sohasidagi ilmiy izlanishlarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga tatbiq etishga harakat qilganini alohida ta’kidladi.

Vladimir Jonibekov ishtirokida o‘tkazilgan tajriba haqidagi hikoya yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Koinotga qilgan parvozlaridan birida kosmonavt vaznsizlik holatida paxta unish yo unmasligini tekshirish uchun 20 dona urug‘ olib ketadi. Orbital stansiyada atigi 5-7 daraja iliq bo‘lishiga qaramay, chigitlar nish urib chiqadi.

Kosmanavtning xotirlashicha, oy tuprog‘idan namuna olish uchun Toshkent konstruktor byurosi xodimlari tomonidan tayyorlangan maxsus parma Sharof Rashidovning iftixoriga aylangan. Bu O‘zbekistonda muhandislik tafakkuri yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi. V.Jonibekov ishtirokida, u koinotda ekanida O‘zbekistondagi yer osti suvlari xaritasi tuzilgan.

Uchrashuvga xotima yasar ekan, taniqli kosmonavt Vladimir Jonibekov O‘zbekistonga har yili bir necha bor kelishini qayd etib, yurtimiz tobora chiroy ochib borayotgani unga alohida mamnuniyat bag‘ishlashini ta’kidladi.

Ablay Kamolov, O‘zA
2 111






Все о погоде - Pogoda.uz