Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 15:43 Chop etish versiyasi

Taniqli aktyor bilan uchrashuv

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 320-umumta’lim maktabida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining tashabbusi bilan «Teatr aktyori va yoshlar» mavzuida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-avgust kuni mamlakatimizning ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasida ilgari surilgan ustuvor maqsadlarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yoshlarning ta’limga, kitobxonlikka va teatrga qiziqishini oshirish, bu borada teatr aktyorlarining rolini faollashtirish maqsadida uyushtirilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diev ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol, yuksak salohiyatli insonlar qilib tarbiyalash, ularning qalbiga vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini singdirish, iqtidor va iste’dodini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘z samarasini berayotgani, yoshlarimiz ilm-fan, san’at, madaniyat va sport sohalarida ulkan yutuqlarga erishayotgani ta’kidlandi.

 Yodgor Sa’diev o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

– Bugungi bolalarga havas qilaman, – deydi Yodgor Sa’diev. – Ular istiqlolning farzandlari, erkin va baxtli Vatanning yoshlari. Ularga yaratilgan sharoitlaru imkoniyatlardan oqilona foydalansa, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodir. Ana shunday yoshlarimiz ko‘p va ular bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

– Teatr, kino sohasiga qiziqaman, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Muazzam Qodirova. – Bugungi tadbir davomida Yodgor Sa’dievning hayoti va ijodi to‘g‘risidagi hikoyalari, ibratli hikmatlari bizda katta taassurot qoldirdi. Bunday ijodiy uchrashuvlar olayotgan ta’lim-tarbiyamizni yanada kengroq va yanada teranroq egallashimizga ko‘mak beradi.

Tadbir so‘ngida maktabda saylangan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va uning qoshidagi «Kamalak» bolalar tashkilotining sardorlariga ko‘krak nishonlari topshirildi.

Maktab o‘quvchilari tomonidan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 856






Все о погоде - Pogoda.uz