Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 12:14 Chop etish versiyasi

Talab va istaklar o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Farg‘ona viloyati Quva tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.

Prezidentimizning taklifiga ko‘ra 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani barcha sohalarda bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirmoqda. Bugun yurtimizda xalq bilan muloqotning ochiq va samarali mexanizmlari hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar chuqur o‘rganilib, ularning yechimiga keng yo‘l ochilmoqda.

Oliy Majlis palatalariga hududlardan saylangan deputatlar va senatorlarning har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, amaliy muloqotlar o‘tkazishi ham bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tkazilayotgan muloqotlarda tumanlarda iqtisodiy infratuzilmani va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi bandligini kafolatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. Albatta, bular qonun ijodkorlarining joylarda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishishi, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rganishi hamda aholining talab va takliflarini eshitgan holda kelgusi vazifalarni belgilab olishida muhim ahamiyatga ega.

Quva tumanida hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, kundalik hayotda uchrayotgan muammolarni o‘rganish va hal qilish, aholiga har tomonlama munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan shu kunga qadar 2 mingdan ortiq oila o‘rganildi. O‘rganish jarayonida uy-joy, kommunal soha, bandlik, tibbiyotga oid muammolar aniqlanib, ularning 283 tasi tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va tuman hokimligi yordamida hal etildi.

“Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Tursunboy Hamroqulov nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Katta Qashqar mahallasida istiqomat qiluvchi Umida Jabborovaning ikki yoshli farzandi gidrosefaliya kasalligi bilan og‘rigan. Uning murojaati ham e’tibordan chetda qolmadi. Bola viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga yotqizildi. Davolanish yakuniga yetgach, unga nogironlik nafaqasi tayinlanadigan bo‘ldi.

– Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini hal etishda bu kabi muloqotlarning ahamiyati katta, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Xo‘jayeva. – Quva tumanida ham ta’lim, tibbiyot, bandlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik masalalarida yechimini topmagan masalalar uchraydi. Biz tegishli mutasaddilar bilan ularni ijobiy hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqmoqdamiz. Aholi bilan muloqotlarning natijalari xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda faollari ishtirokida muhokama qilinadi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 785






Все о погоде - Pogoda.uz