Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 16:52 Chop etish versiyasi

Tadbirlar yaxshi samara bermoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Sirdaryo viloyatida o‘tkazilayotgan shunday tadbirlarda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarni o‘rganish, oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxona va tashkilotlar, mahalla va ta’lim muassasalarida targ‘ibot-tushuntirish ishlari, uchrashuvlar tashkil etilayotir.

Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari doirasida xonadonlarning turmush sharoiti o‘rganildi. Ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rildi. Tuman ichki ishlar bo‘limida muqaddam sudlangan shaxs sifatida profilaktik hisobda turgan 37, oilasida muntazam muammolar bo‘ladigan 9 fuqaro bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.

– Profilaktika tadbirlari samarasida tumanda barcha turdagi jinoyatlar keskin kamaydi, – deydi Sayxunobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Haydarov. – Tuman bo‘yicha hisobda turgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan suhbat, ta’lim muassasalarida “Davomat” tadbirlari o‘tkazildi, 3 ming 454 oiladagi muhit o‘rganildi. 12 pasport-viza, uchta doimiy yoki vaqtincha yashash qoidalari buzilgan holat aniqlanib, tegishli tartibda choralar ko‘rildi. Jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi 1 nafar, diniy ekstremistik oqimlarga moyil bo‘lgan 2 shaxs va ularning oila a’zolari bilan tezkor profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, jinoyat uchun jazo muqarrarligi tushuntirildi.

Sayxunobod iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchi va o‘quvchilari, ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi katta inspektori S.Xo‘janazarov yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatida kelib chiqqan ko‘ngilsiz hodisalarning oqibatlari haqida ma’lumot berdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l qoidalarining 32 bor buzilishi, garchand o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar kam bo‘lsa-da, ta’lim muassasalari, korxona, tashkilot va mahallalarda bu borada hali ko‘p ishlarni amalga oshirish kerakligidan dalolat beradi.

Joriy yilning 20-aprel kuni “Shodlik”, “Paxtakor” va “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tuman prokurori S.Nazarov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Haydarov ishtirokida aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Fuqarolar murojaatlarini hech qanday to‘siqlarsiz ko‘rib chiqish, mavjud muammo va ijtimoiy-huquqiy masalalarda aholiga yaqindan yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor qabullar tashkil etildi. Hududda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, aniqlangan noqonuniy harakatlar suhbatlar jarayonida muhokama qilindi.

– Tadbirlarda katta-kichikligidan qat’i nazar, har qanday jinoyatning kelib chiqish sabab va omillari keng jamoatchilik o‘rtasida huquqbuzarlar ishtirokida muhokama qilinayotgani jinoyatchilikning oldini olishda yaxshi samara bermoqda, – deydi «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori A.Turdiboyev. – Masalan, Shodlik mahallasida istiqomat qiluvchi Artur Sayfulin shu mahallaning Ravaliq ko‘chasida yashovchi Renat Davletovga tegishli velosipedni o‘g‘irlab ketadi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida mulk o‘z egasiga qaytarildi. Bu jinoyat ishi mahalla-ko‘y va Artur Sayfulinning yaqinlari va mahalladoshlari ishtirokida muhokama qilindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bunday tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
277






Все о погоде - Pogoda.uz