O‘zA O`zbek

12.06.2019 16:41 Chop etish versiyasi

Tadbirkordan endi ortiqcha hujjat talab qilinmaydi

Tadbirkordan endi ortiqcha hujjat talab qilinmaydi

Adliya vazirligining qonunchilikdagi yangiliklar brifingida hafta davomida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari haqida ma’lumot berildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni haqida ma’lumotlar berildi.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yoki ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalar tugatildi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan bir yilda ustav fondi shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlarni tugatish tartibi bekor qilindi. Tadbirkorlarni tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar qisqartirildi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatishda davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi.

Tugatiladigan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi uch yilni tashkil etadi.

Tekshirish uchun korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni olish Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi.

Endilikda korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati 6 oydan oshmaydi. Aytib o‘tish kerakki, amaldagi qonunchilikka muvofiq bu muddat 9 oy edi.

Tadbirkorlik sub’ektlari – jismoniy shaxslar faoliyatini to‘xtatishda ariza beruvchidan to‘lovlardan qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish ham talab etilmaydi.

O‘zA
545