O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:10 Chop etish versiyasi

Tabiiy gaz elektron hisoblagichlar bepul oʻrnatiladi

Tabiiy gaz elektron hisoblagichlar bepul oʻrnatiladi

Ilgari tabiiy gaz bilan taʼminlangan baʼzi hududlarga bugungi kunda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Ana shunday hududlar qatoriga kiruvchi Muborak tumanidagi 17 ta qishloqni yana tabiiy gaz bilan taʼminlash imkoni borligi aniqlandi. Buning uchun oʻsha hududdagi toʻxtab qolgan konlardan foydalaniladi. 

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi. 

– Respublikamizda 6 million 800 ming isteʼmolchi boʻlsa, shuning 51 foizi tabiiy gaz, qolgan 49 foizi suyultirilgan gaz bilan taʼminlangan, – dedi “Oʻztransgaz” AJ boshqarma boshligʻi Akmal Eshonqulov. – 87 ming kilometr uzunlikdagi gaz quvuri va 70 ming gaz taqsimlash punkti isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib bermoqda. Dastlabki gazlashtirish jarayonida ayrim hududlarda talabga javob bermaydigan quvurlardan foydalanilgan. Shuning uchun ham 87 ming kilometr quvurning 41 ming kilometri yaroqsiz holga kelgan. Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ vazifalari belgilab berildi. “Hududgaztaʼminot” AJ faoliyat koʻrsatayotgan gaz taqsimlash punktlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qiladi. 

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qarorda 2022-yilga qadar tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etish belgilangan. 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab bir yil davomida abonentlarga elektron hisoblagichlar oʻrnatiladi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilishi kutilayotgan elektron hisoblagichni oyiga 300 mingta xonadonga oʻrnatish koʻzda tutilgan. 

Tabiiy gaz elektron hisoblagichlar “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan bepul oʻrnatiladi. Shundan soʻng isteʼmolchilarda tabiiy gazdan qarzdorlik holati qayd etilmaydi. Agarda abonentlar toʻlovni amalga oshirmasa, elektron hisoblagich oʻz-oʻzidan oʻsha xonadonga gaz oʻtkazmaydi. 

Xurshid QODIROV, OʻzA
527