Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 13:21 Chop etish versiyasi

Ta’tildan so‘ng yangi binoda

Ta’tildan so‘ng yangi binoda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 2-umumta’lim maktabi yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Qishki ta’til kunlaridan maktabga qaytgan o‘quvchilarning quvonchi cheksiz. Ular bu chorakda barcha qulayliklarga ega, zamonaviy, ko‘rgazmali o‘quv qurollari bilan ta’minlangan sinfxonalarda o‘qiy boshladi.



Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.



Ushbu ta’lim muassasasi avval kam o‘rinli bo‘lgani bois yuqori sinflar soni qisqartirilgan, bu yaqin atrofdagi o‘g‘il-qizlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.



– O‘quv xonalari yetishmaganligi sababli yuqori sinf o‘quvchilari boshqa maktablarga qatnashga majbur edi, – deydi ximiya fani o‘qituvchisi Xayriniso Bo‘ronova. – Endi ota-onalar ham, o‘quvchilar ham xursand.



Maktabning 180 o‘rinli yangi qo‘shimcha binosida «Rahmon Umar fayz» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qurilish-montaj ishlari bajarildi. Binoda zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan keng va yorug‘ sinfxonalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xonasi, uslubiy xona, majlislar zali, kutubxona, kimyo, fizika va biologiya fanlari o‘quv laboratoriyalari, sport zali joylashgan. Bu o‘quvchi va pedagoglar uchun keng imkoniyatlarni yaratadi.

Barno Meliqulova, Otabek Mirsoatov (surat),O‘zA
8 030