O‘zA O`zbek

07.06.2019 20:00 Chop etish versiyasi

Suv ostida tanklar

Suv ostida tanklar

Chirchiqda kursantlar tanklar yordamida suv ostida harakatlanish mashqlarini bajardi

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari jangovar mashinalarni haydash fani doirasida navbatdagi murakkab amaliy mashgʻulotlarni oʻzlashtirdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining OʻzAga maʼlum qilishicha, bilim yurti dala oʻquv maydonida zirhli texnikalarning kechuvdan oʻtish va suv ostida harakatlanish koʻnikmalarini mustahkamlashga ixtisoslashgan mashq nuqtasi joylashgan.

Avvaliga gʻavvoslar guruhi mashq bajariladigan suv havzasi tubini koʻrikdan oʻtkazdi. Kechuvdan oʻtishdan oldin zirhli texnikaning sozligi va ekipajning mashgʻulotni bajarish uchun jismoniy holati va ruhiy tayyorgarligi tekshirildi.

ABBM8899.JPG

Boʻlajak ofitserlar T-62 tankida kechuvdan oʻtish, suv ostida harakatlanish mashqini bajardi. Shuningdek, piyodalar jangovar mashinalarda suv yuzasida suzib oʻtishni oʻzlashtirdi. Ushbu oʻquv amaliyoti zirhli texnikani suvda boshqarishdan tashqari tank ekipajining uyushqoqlik bilan harakat qilishi va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlaydi. Yaʼni ularda murakkab sharoitlarga tushib qolganda toʻgʻri yoʻl tutish koʻnikmalarini shakllantiradi.

Tankning suvga tushishdan oldin yoʻnalishni toʻgʻri olishi mashqni muvaffaqiyatli yakunlashda muhim oʻrin tutadi. Mashgʻulot tartibiga koʻra zirhli texnika kechuvga sekin tushiriladi va suvdan chiqqach, yuqori tezlikda haydab ketilishi kerak. Mashqlarning toʻgʻri va aniq bajarilishini mashgʻulot rahbarlari kuzatib bordi. Kun davomida mashqlar rejada belgilanganidek muvaffaqiyatli bajarildi.

Shu kunning oʻzida BMP-2 piyodalar jangovar mashinasida ham suv yuzasida suzib oʻtish mashqlari oʻzlashtirildi.

ABBM8951.JPG

ABBM9044.JPG

ABBM9087.JPG


OʻzA
3 386