Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 17:05 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda ziyorat turizmi rivojlanadi

Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish uchun 374 tarixiy, madaniy, san’at, me’moriy obidalar, noyob arxeologik qazilmalar mavjud.

Viloyatning tabiiy so‘lim go‘shalari, maftunkor sharsharalari, ma’danli suv va shifobaxsh tog‘ tuzlari agro-eko, tog‘ va tibbiyot turizmini keng yo‘lga qo‘yishga qulay imkoniyat yaratadi. Qadimiy bu yurtning o‘ziga xos urf-odat va an’analari, milliy hunarmandchilik buyumlari ham dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otib keladi.

Viloyatdagi boy tarixga ega qadamjolar, muqaddas ziyoratgohlar hududda ziyorat turizmini joriy etib, nafaqat mahalliy balki, xorijlik sayyohlar oqimini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, hozirgacha viloyatning bu boradagi salohiyatidan samarali foydalanishga e’tiborsizlik bilan yondashib kelinayotgan edi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bu boradagi ishlarni yangi bosqichda ruyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19-20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohaning turizm salohiyatidan samarali foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratgan edi. Shunga muvofiq viloyatda 2018-2019-yillarda Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilinmoqda. Unda hududning yangilangan, zamonaviy qiyofasini yaratish, transport infratuzilmasini takomillashtirish, xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish kabi muhim masalalarga alohida ahamiyat berilgani ziyorat turizmi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga qulay muhit yaratadi.

– O‘tmishda Surxondaryo muqaddas islom dinini targ‘ib qilgan va uni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan Hakim Termiziy, Iso Termiziy kabi ko‘plab buyuk olimlarga beshik bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati vakili Sh.Ibragimov. – Boy tarixga ega bu yurtda So‘fi Olloyor, Alouddin Attor, Muhammad Zohid singari ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan. Mazkur dastur asosida Boysun, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy, Denov, Uzun, Sherobod tumanlaridagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar rekonstruksiya qilinib, obodonlashtiriladi. Yo‘llar ta’mirlanadi. Savdo-hunarmandchilik do‘konlari quriladi. Xorijlik sayyohlarning emin-erkin ziyorat qilishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratiladi.

Denov tumanida Naqshbandiya ta’limotining asoschisi Hazrat Bahouddin Naqshbandning birinchi xalifasi Alouddin Attor mangu qo‘nim topgan muqaddas ziyoratgoh mavjud. Oltinsoy tumanida “Silsilai oliya” tarkibiga kiruvchi ulug‘ zotlardan yana biri – Muhammad Zohid maqbarasi, turkiy tasavvuf ta’limotining yirik namoyandasi So‘fi Olloyor qadamjosi va ul zot tomonidan barpo etilgan masjid saqlanib qolgan. Yangi yo‘nalishlarda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aziz-avliyolarimiz muqaddas hoki qo‘yilgan bu maskanlarni obodonlashtirib, ziyoratchi sayyohlarning tahorat qilishi, namoz o‘qishi uchun zamonaviy qulayliklar yaratish, “halol” standartini joriy etish belgilab berilgan.

– Mamlakatimizda ziyorat turizmining yo‘lga qo‘yilayotgani yurtimizda yashab o‘tgan buyuk zotlarni yod etib, ularning haqiga duo qilish va ibratli hayot yo‘llarini chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili A.Sayfuddinov. – Xorijlik sayyohlarning ham o‘tmishda yashab o‘tgan aziz avliyolarimizning diniy ta’limoti va islom dini rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi bilan yaqindan tanishishiga keng imkoniyat yaratadi. Muqaddas qadamjolar atrofi yanada obod, yanada ko‘rkam bo‘ladi.

Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari doirasida Termiz tumanidagi Kokildor ota, Qirq qiz, Sulton Saodat yodgorliklari, Chorgumbaz masjidi, Boysun tumanidagi Hazrati Eshonbobo ziyoratgohi va shifobaxsh suvi, Hazrati Sulton Valiy, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Xo‘ja Samandar Termiziy ziyoratgohlari, Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok ziyoratgohi va shifobaxsh suvi, Uzun tumanidagi Oq ostona bobo maqbarasi kabi tarixiy obidalar so‘lim go‘shaga aylantiriladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
5 104