Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 17:30 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda oliy ta’lim muassasalari uchtaga ko‘paydi

Surxondaryoda oliy ta’lim muassasalari uchtaga ko‘paydi
Surxondaryo viloyatida bir yo‘la mamlakatimizdagi uchta oliy ta’lim muassasasi filiallarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda davlat va jamoat tashkilotlari, tibbiyot va ta’lim muassasalari rahbarlari, mehnat faxriylari, talabalar, ota-onalar ishtirok etdi.

1.jpg

Davlatimiz rahbari joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashib, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida mavjud muammolarni bartaraf etish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Shunga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz, Termiz davlat universitetining Denov filiallari tashkil etilib, qisqa vaqtda zamonaviy tarzda jihozlandi. Bo‘lajak pedagog va tibbiyot xodimlarining soha sirlarini puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratildi.

Mutaxassislarning fikricha, Surxondaryo viloyatida 1 ming 880 dan ortiq malakali shifokorga ehtiyoj mavjud. Tibbiyot muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari bilan ta’minlanish darajasi 48 foiz. Bu birlamchi tibbiyot muassasalarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishda bir qator muammolar tug‘dirmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining tashkil etilgani ushbu muammolarni bartaraf etib, viloyat aholisi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

3.jpg

– Surxondaryoda sog‘liqni saqlash tizimi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv dargohi tashkil etilishi nafaqat soha vakillari, balki butun viloyat ahlini quvontirib yubordi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Termiz temir yo‘l birlashgan shifoxonasi bosh shifokori Chori Qurbonov. – Ayni paytda kasalxonamizda 10 nafar oliy ma’lumotli tibbiyot xodimiga ehtiyoj bor. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining faoliyat boshlagani voha sog‘liqni saqlash tizimini yetuk kadrlar bilan to‘liq ta’minlab, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshiradi.

Termiz tibbiyot kolleji negizida ish boshlagan yangi oliy ta’lim muassasasida talabalarning soha sirlarini qunt bilan o‘rganishi uchun barcha qulaylik mavjud. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid asbob-uskunalar, fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlandi. Toshkent tibbiyot akademiyasi auditoriyalarida olib boriladigan ma’ruza va darslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkonini beradigan xonalari mavjud ikkita o‘quv binosi bilan ta’minlandi. Tibbiyotga oid adabiyotlarga ega axborot-resurs markazi, yopiq sport zali, 460 o‘rinli ikkita talabalar turar joyi bo‘lajak shifokorlar xizmatida bo‘ladi. Mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Yaratilgan bunday sharoitlardan talabalarning ota-onalari ham xursand.

8.jpg

– O‘g‘lim Akmaljon bolalikdan shifokor bo‘lishni orzu qilardi, – deydi Termiz tumanidagi Muhiddin Eshtemirov nomidagi mahallada yashovchi Gulnoza Berdiqulova. – Shu maqsadda o‘tgan yili Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirdi, lekin uning o‘qishga qabul qilinishiga bir necha ball yetmay qoldi, xolos. Mana, bugun farzandimning orzusi ushalib, birinchilar qatorida talabalar safidan o‘rin oldi. Bu yangilikni eshitgan qavm-qarindosh va mahalla-ko‘y bizni tabriklab, quvonchimizga sherik bo‘lmoqda. Endi Akmaljon bu yerda a’lo baholarga o‘qib, yetuk shifokor bo‘lib ulg‘ayadi. Farzandlarimizning o‘zlari tanlagan kasbni mukammal egallashi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining tantanali ochilish marosimida mamlakatimiz tibbiyot sohasining atoqli olimlari, akademiklar, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va xorijiy davlatlar tibbiyot oliy ta’lim dargohlari vakillari ham ishtirok etdi.

9.jpg

– O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilishga umrini baxshida etishga ahd qilgan yoshlar uchun yangi oliy ta’lim muassasasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etganimdan xursandman, – deydi I.Sechenov nomidagi 1-Moskva davlat tibbiyot universiteti rektori maslahatchisi, general-mayor V.Reshetnikov. – Bu yerda yaratilgan sharoitlar talabalarning zamonaviy davolash va diagnostika usullarini mukammal egallashida muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialiga qabul qilingan 300 nafar talaba soha sirlari va buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘zlashtirib, yuqori malakali shifokor bo‘lishga, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlab, o‘z bilim va malakasini bemorlar manfaatiga qaratishga qasamyod qildi. Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilarining masofadan turib o‘qitish bo‘yicha onlayn rejimdagi dastlabki ma’ruzalarini tingladi.

– Shifokorlik kasbini egallash uchun uch yildan buyon oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirdim, – deydi Sho‘rchi tumanidagi Oftobmakon mahallasida yashovchi Farrux Allanazarov. – O‘tgan yili ham 196 ball bilan o‘qishga kirolmadim. Mana, bugun quvonchimning cheki yo‘q. Talabalar safidan o‘rin oldim. Tumanimizdan uncha uzoq bo‘lmagan shaharda o‘qish baxtiga muyassar bo‘lganimdan ota-onam ham xursand. O‘qish boshlangan dastlabki kundanoq mamlakatimizga tanilgan akademik va professor-o‘qituvchilar masofadan turib, bizga ma’ruza o‘qidi. 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz va Termiz davlat universiteti Denov filiallarining ochilish marosimlari ham bayramona ruhda o‘tkazildi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filialida besh yo‘nalish va maxsus sirtqi bo‘limga 520, Termiz davlat universitetining Denov filialiga 700 ga yaqin talaba to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

Viloyatda yangi ish boshlagan uchta oliy ta’lim muassasasiga yoshlarni talabalar safiga qabul qilish Termiz shahri va barcha tumanlar kesimida shifokor hamda pedagoglarga bo‘lgan ehtiyoj hisobga olingan holda berilgan kvotalarga muvofiq amalga oshirildi. Ularning o‘z hududidagi tibbiyot va ta’lim muassasalari bilan shartnoma imzolagani bo‘lg‘usi mutaxassislarni kelajakda aniq ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

Tadbirlarda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta ta’lim vaziri I.Majidov ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
17 694