O‘zA O`zbek

10.04.2018 20:01 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda jurnalistikaning ahvoli qanday?

Surxondaryo viloyatida ayni paytda ikkita televideniye, bitta radio, o‘ttizdan ortiq bosma ommaviy axborot vositasi, bitta nashriyot faoliyat yuritmoqda. Bosma nashrlarda tahliliy, o‘qishli maqolalar juda kam. Viloyatda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yuz berayotgan yangiliklarni xolisona, tezkorlik bilan aholiga yetkazishda sustkashlik mavjud.

– Uzoq yillar xalqqa o‘z so‘zimizni ochiq aytishga andisha qilib keldik. Endi jurnalistning o‘z so‘zini aytishi, joylarda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi uchun barcha imkoniyat berildi. Sodda qilib aytganda, so‘z erkinligi ta’minlandi. Shu ma’noda, bugun biz shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyat bilan hamqadam yura olayapmizmi? Afsuski, bunday deya olmaymiz. Ko‘plab bosma nashrlar joylarda to‘laqonli jamoat nazoratini o‘rnatolmayapti. Gazetalarda jurnalistik surishtiruv asosida tayyorlangan qiziqarli, dolzarb mavzular ko‘zga tashlanmayapti. Jumladan, tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyat gazetalarida jurnalistik surishtiruv asosida atigi ikkita tahliliy material tayyorlanib, chop etilgan, – deydi “Surxon yoshlari” viloyat gazetasi bosh muharriri I.Shomirov.

Termizda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbatida ana shunday fikr mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, davra suhbatida milliy axborot media makonini rivojlantirishda jurnalistning o‘rni va mas’uliyati, davlat dasturlari ijrosi doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni keng ommaga sodda va xalqchil tilda yetkazish, sohada kadrlar muammosi va mavzuga oid boshqa masalalar muhokama etilib, tegishli takliflar aytildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 194