O‘zA O`zbek

05.08.2018 17:38 Chop etish versiyasi

Sun’iy ravishda hosil qilingan qarzdorlik yaxshilik keltirmadi

Sun’iy ravishda hosil qilingan qarzdorlik yaxshilik keltirmadi
Jinoyat haqiqati va adolat

Farzandi bog‘chaga borayotgan ota-ona o‘sha maktabgacha ta’lim muassasasiga belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borsa, ammo ma’lum bir muddat o‘tib nomiga qarzdorlik yozilsa...

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida ana shunday tushunarsiz holat kuzatilgan. Masalan, ota-onalardan biriga 379 ming 400 so‘m badal puli va 18 ming 970 so‘m davlat boji – noreal qarzdorlik sifatida qayd qilingan. Qizig‘i bu kabi summa atrofida noreal qarzdorligi borlar ro‘yxatida 85 nafar ota-ona bor edi.

Bugun bu shubhali harakatlar bilan bog‘liq qing‘ir ishning qiyig‘i chiqib bo‘ldi. Uning “ijrochi”lari so‘nggi pushaymon – o‘ziga dushman ekanini kech bo‘lsada anglamoqda. G‘isht qolipidan ko‘chgan, lekin kimlargadir xulosa bo‘lar, yana kimlarnidir hushyorlikka chorlar degan niyatda “egri ish” bilan bog‘liq voqealar tafsilotini havola qilamiz.

Avvaliga kalavaning uchini “tutib turgan” Sojida Qultoyeva haqida qisqacha ma’lumot berish o‘rinli. Ushbu ma’lumotlarni taqdim qilgan Jizzax viloyati ichik ishlar boshqarmasi axborot xizmati taklifiga ko‘ra materialdagi ism-familiyalar o‘zgartirilganini eslatib o‘tamiz.

Sojida Qultoyeva 1964 yil Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. Oilali, ikki nafar farzandning onasi. Muqaddam sudlangan. Fuqaro Qultoyeva so‘nggi yillarda Do‘stlik tumani yashab kelgan. U 2013 yil 18 iyuldan joriy yil qasddan jinoyat sodir etishda gumonlanib, qo‘lga olingunga qadar Do‘stlik tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida mudir lavozimida ishlab kelgan.

***

“Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin”, “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanmay qo‘ymas” deganlaridek Sojida Qultoyeva MTM mudiri lavozimida ish boshlagan ilk kunlardayoq muassasada ishlab kelgan Darxonova Sanamoy bilan jinoiy til biriktiradi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2010 yil 17 dekabrdagi 105-son buyrug‘i talablarini qo‘pol ravishda buzadi. 2013 yil 18 iyuldan 2018 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davr mobaynida Sojida Qultoyeva va uning hamtovoqlari mansab vakolatini suiiste’mol qilib, ko‘p ota-onalar tomonidan bevosita muassasaga to‘langan pullar uchun to‘lov cheklari yozib bermaydi. Badal pullarini muassasa hisob raqamiga kirim qilmasdan “jig‘ildonga” uradi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligining 2016 yil 25 iyuldagi tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan “maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomda maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalar ta’minoti uchun to‘lovlar har oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan to‘lanadi. Oyning 15-sanasidan keyin kelgan bolalar ta’minoti uchun to‘lovlar esa bola kelgan kundan boshlab, 3 kun ichida to‘lanadi. Bunda to‘lovlar bolaning shu oyda maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnaydigan kunlarga mutanosib ravishda to‘lanadi. Ota-onalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi, shu jumladan to‘lov shartnomada belgilangan miqdorda hamda ko‘rsatilgan muddat o‘tgach, ikki hafta mobaynida uzrli sabablarsiz to‘lanmagan taqdirda, ota-onalar bilan tuzilgan shartnomaning amal qilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatiladi va bu bolaning maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lishini to‘xtatish uchun asos bo‘ladi deyiladi. Buni massasa mudiri va uning boshqa “sherik”lari juda yaxshi bilishar edi. Kasalni yashirsang issig‘i oshkor qiladi deganlaridek, ishning misi chiqa boshladi. Bundan tashvishga tushgan guruh navbatdagi – “o‘rnini to‘ldirish” rejasini ishlab chiqdi.

***

Uyushgan guruh o‘zining talon-torojlik jinoyatini yashirish maqsadida qonun talablariga zid ravishda – go‘yoki muassasa tarbiyalanuvchilari ota-onalari 57 million 888 ming 300 so‘mlik badal pulidan qarzdorligi mavjudligi (garchi, badal pullari oldindan to‘lov qilib kelingan va haqiqatda debitor qarzdorlik mavjud bo‘lmasa-da) haqida soxta ma’lumotlarni buxgalteriya hujjatlariga kiritib, undirish muddati 3 oydan oshgan ota-onalar badalidan debitor qarzdorlikni sun’iy ravishda yuzaga keltiradi.

Aldov yo‘li bilan ota-onalardan toza oq qog‘ozlarga imzo qo‘ydirib, o‘zlari tarbiyalanuvchilarining qarzdorliklari borligi haqidagi tilxat yozishadi. Qarzdorlik hujjatlarini qalbakilashtirish yo‘li bilan tayyorlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilish “o‘rnini to‘ldirish” rejasining asosiy “bo‘lim” laridan biri bo‘ladi.

Do‘stlik tumanlararo sudiga “da’vo arizasi” bilan murojaat qilgan “shovvozlar” 2016 yilning 3 dekabr kuni va 2017 yilning 5 yanvar kuni sud buyrug‘i tartibida sirtdan jami 41 million 936 ming 400 so‘m badal puli va 2 million 89 ming 880 so‘m davlat boji uchun to‘lovlar undirish bo‘yicha sud qarorlari chiqarilishiga erishgan. Ushbu jinoiy harakatlar oqibatida noreal qarzdorlik yuzaga keltirilgan. Oqibatda muassasa tarbiyalanuvchilarining (85 nafar) ota-onalari va jamiyat manfaatlariga jami 41 million 936 ming 400 so‘m badal pulidan qarzdorlik, 2 million 89 ming 880 so‘m davlat bojidan iborat moddiy zarar yetkaziladi.

Do‘stlik tumanlararo sudining 2016 yilning 3 dekabr kuni va 2017 yilning 5 yanvar sanasidagi sud buyruqlari asosida noreal qarzdorlik hisoblanadi. Muassasa tarbiyalanuvchilarining ota-onalari bunga shunchaki qarab turmaydi. Majburiy ijro byurosi Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilayotganligiga e’tiroz bildira boshlaydi.

Doim vaziyatni o‘ziga moslashtira olish “qobiliyati” ga ega bo‘lgan Sojida Qultoyeva “qing‘irligi”ni yashirish maqsadida muassasa ish yurituvchisi Zilola Anvarboyeva hamda muassasa xo‘jalik mudiri va kassiri Malohat Nurjonova bilan o‘zaro “hamkorlikda” yangi “reja”ni amalga oshiradi. Ular 2017-2018 yillar mobaynida fuqarolar tomonidan turli miqdordagi qarzdorlik uchun (hujjatda haqiqatda to‘lanmagan bo‘lsa-da) qarzdorlar tomonidan belgilangan mablag‘lar to‘liq to‘langanligi va muassasa kassasiga kirim qilinganligi haqida qalbaki to‘lov qog‘ozlari, ma’lumotnomalar yozadi. Majburiy ijro byurosi Do‘stlik tuman bo‘limiga ushbu qalbaki hujjatlar taqdim qilinadi. “O‘rnini to‘ldirish” rejasini yanada mukammallashtirish yaxshi “natija” beradi. Mazkur qarzdorlarga nisbatan ijro ishining qalbaki hujjatlar asosida tamomlanishiga erishiladi. Lekin ustomonlarning qozoni yopig‘ligicha qolmaydi.

***

Joriy yilning aprel oyida Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi o‘sha qing‘ir ishlar sodir etilgan maktabgacha ta’lim muassasasida hujjatli taftish o‘tkazish harakatlarini olib boradi. Sojida Qultoyeva bu vaziyatda ham “jim” turmaydi. Muassasada norasmiy tarzda hisobchi lavozimida ishlab kelgan Abjamil Toshpo‘latovning yoniga “yordam”ga keladi. Ikkalasi bir kemada ekanini aytadi. Go‘yoki tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklarni taftish dalolatnomasida ko‘rsatmaslik evaziga “tepa”ga pora berishga dalolat qilib, aldash yo‘li bilan uning 1 millon 200 ming so‘m pulni oladi. Pullarni odatdagidek o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

***

Jamiyatga, odamlarga nafi tegib, o‘z ishini, xizmat vazifasini sidqidildan bajarish chin insoniy fazilat sanaladi. Oramizda mansab vakolatini suiiste’mol qilib, boshqalarga zarari tegayotganlar borligi achinarli. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, yuqoridagi jinoiy harakat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, noqonuniy harakatlarning oldi olingan. Tergov harakatlari natijasida aybdorlar o‘zlariga tegishli jazoni olishi muqarrar. Jazo muqarrarligi – shubhasiz. Lekin mana shunday holatlarning takror bo‘lmasligi, ertamiz egalari, jajji qorako‘zlarimiz tarbiyasi, kamoloti uchun barcha qo‘lidan kelgan yaxshi ishni qilishi kerak.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 145