Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.10.2017 17:21 Chop etish versiyasi

«Sukunat malikasi» she’riy to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi «Kitob olami» ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasida iste’dodli yosh shoira Zilolabonu Holiqovaning «Akademnashr» nashriyotida chop etilgan «Sukunat malikasi» she’riy to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Zilolabonu Jizzax shahrida tug‘ilgan. Uning «Gavharim bor», «Ko‘ngilga yo‘l» kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.

Muallif og‘ir tibbiy muolajalardan keyin eshitish qobiliyatini yo‘qotadi va bu dard uni uzoq sukunat olamiga yetaklaydi. Shu sabab Zilolabonu navbatdagi ijod mahsuli to‘plamini «Sukunat malikasi» deya nomladi. Mazkur to‘plamdan joy olgan 60 ga yaqin she’rda musaffo sevgi, beg‘uborlik va samimiyat, yurtga sadoqat, go‘zal insoniy xislatlar tarannum etilgan. Mudroq dilning uyg‘onishi, haroratli qalb kechinmalari, ruhiy evrilishlar, pokiza muhabbat istagi shoira bitgan satrlarning ta’sirchanligini oshiradi.

– Zilolabonu yetuk shoira sifatida shakllanib kelmoqda, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy maslahatchisi Farog‘at Xudoyqulova. – Uning tirishqoqligi, zukkoligi, harakatchanligi va mehatsevarligi yuksak marralarni egallashiga zamin yaratmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 816






Все о погоде - Pogoda.uz