Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 20:46 Chop etish versiyasi

Sudyalar yoshlar bilan muloqot qildi

Toshkent shahar xo‘jalik sudi tomonidan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi doirasida poytaxtimizdagi ta’lim muassasalarida yoshlar bilan muloqotlar tashkil etilmoqda.

Toshkent madaniyat kollejida o‘tkazilgan muloqotda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Toshkent shahar xo‘jalik sudi sudyalari U.Suyunov, M.Abdullayeva mamlakatimizda sud-huquq sohacida olib borilayotgan islohotlar, xususan davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga tushuntirib berdi.

Yoshlar Prezidentimizning 2017-yil 15-fevraldagi «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni borasida ham keng tushunchalarga ega bo‘ldi. Mazkur farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.

Hujjatda madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, muzeylar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ma’naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Tadbirda yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida ham fikr almashildi. O‘quvchilar atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasdan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat”, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashishga chaqirildi.

Muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Malohat Husanova, O‘zA
926






Все о погоде - Pogoda.uz