Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.07.2018 19:38 Chop etish versiyasi

Sudyalar qasamyod qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Undabirinchi marta lavozimga tayinlangan jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlari sudyalarining qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

Sudyalar, Sudyalar oliy kengashi a’zolari, ota-onalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisi K.Komilov va boshqalar mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda sud-huquq sohasi faoliyati samaradorligini oshirish, sudyalarni tanlash tartibini takomillashtirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarorlari chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshrildi.

Majlisda Sudyalar oliy kengashining 2018 yil 12 iyuldagi qarori bilan ilk bor besh yillik muddatga sudyalik lavozimiga tayinlangan 25 nafar sudya qasamyodi eshitildi.

– Qasamyod barchamiz uchun yuksak sharaf bo‘lib, ulkan mas’uliyat yuklaydi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Nishon tumani sudi raisi lavozimiga tayinlangan Shahobiddin Hasanov. – Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi davlat siyosatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi. Odil sudlovni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, biz ham boshlanayotgan faoliyatimizda adolat mezonlarini asos qilib olishimiz zarur. Ana shunday mas’uliyatli vazifaga kirishar ekanman, yuragim hayajonga to‘lgan.

Tadbirga tashrif buyurgan ota-onalar yangi sudyalarga oq fotiha berib, eng yaxshi tilaklarni bildirdi.

– O‘g‘limning xalq manfaatini himoya qiluvchi mas’uliyatli vazifaga tayinlanib, qasamyod qabul qilganidan qalbim g‘ururga to‘ldi, – deydi sirdaryolik Zulfiya aya Qurbonova. – O‘g‘lim shunday sharafli kasb egasi bo‘lib, viloyatimiz aholisiga sidqidildan xizmat qilishiga ishonaman. Har bir ota-ona uchun farzandi erishayotgan yutuqlarni, jamiyatimizga kerakli inson bo‘layotganini ko‘rish oliy baxtdir. Shunday ekan, biz hamisha ularning kelgusi ishlariga omad tilaymiz.

Marosimda qasamyod qabul qilgan sudyalarga guvohnomalar topshirildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 236