Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 16:57 Chop etish versiyasi

Sud tizimidagi o‘zgarishlar fuqarolar manfaatlariga mos

Mamlakatimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida shu maqsadga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur farmonda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan axborot tizimlari va resurslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish – sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishi» mavzuida bo‘lib o‘tgan xalqaro davra suhbatida shular haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Oliy sudi, BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirok etdi.

Adliya vazirining o‘rinbosari N.Jo‘rayev, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi X.Yodgorov va boshqalar sud tizimining bosqichma-bosqich demokratlashtirilayotgani inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu borada ilg‘or fan-texnika yutuqlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullari joriy etilayotgani ishlar samarasini oshirayotir.

– O‘zbekistonda barcha sohalarda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar o‘ziga xos yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, –deydi BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili S.Prisner. – Sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar inson huquq va manfaatlarini samarali ta’minlashga yo‘naltirilayotgani bilan ahamiyatlidir. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hamkorlik dasturi, BMT tomonidan amalga oshirilayotgan Taraqqiyot dasturi maqsadlariga to‘la mos keladi.

– O‘zbekiston sud tizimidagi islohotlar jarayonida xalqaro hamkorlikka e’tibor qaratayotgani, eng ilg‘or tajribalarni joriy etayotgani muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda, – deydi USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori D.Riordan. – O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda shu yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlarida ham ana shu jihatlarda e’tibor qaratilgan.

Davra suhbatida sud-huquq sohasini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatining funksional tahlili natijalari muhokama etildi. Qayd etib o‘tish kerakki, bunday tahlil davlat organlari faoliyatini baholash vositasi sifatida qo‘llaniladi. Xorijiy ekspertlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan islohot va o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 467






Все о погоде - Pogoda.uz