Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 16:32 Chop etish versiyasi

Sud-huquq tizimidagi islohotlarda yangi bosqich

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarishga xizmat qiladi. Ayniqsa, unda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgani xalqimiz manfaatini ta’minlaydi.

Poytaxtimizda sud-huquq tizimidagi islohotlarning yangi bosqichida zamonaviy yondashuv va ilg‘or tajribaning ahamiyati kabi masalalarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida bu alohida ta’kidlandi.

Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.

– Taraqqiyotimizning yangi strategiyasida qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari K.Yo‘lbarisov. – Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Bunday chora-tadbirlar sudlarning odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati samaradorligini yanada kuchaytiradi.

Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining vakolatlari kengaytirilishi ham sohada sezilarli yutuqlarga yo‘l ochadi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni buning amaliy ifodasi bo‘ldi.

– O‘zbekiston boshqa sohalar qatori sud-huquq tizimidagi islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bilan birga bu boradagi eng ilg‘or tajribalarga alohida e’tibor qaratishi ulkan yutuqlarga erishishiga yo‘l ochmoqda, – deydi Gamburg shahrining sobiq ma’muriy sudyasi, huquqiy va siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchi G.Veling (Germaniya). – O‘tgan yillarda bu sohada fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam qonunchilik asoslari yaratilib, amalga oshirish choralari ko‘rilgan bo‘lsa, ularni zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish, yangi bosqichga ko‘tarishga oid yangi strategiya tasdiqlangani e’tiborga loyiq. Uni muvaffaqiyatli amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etayotgani, xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani bu borada yuksak samaraga erishishga zamin yaratadi.

Demokratiya va inson huquqlari instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va F.Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi xodimlari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 816






Все о погоде - Pogoda.uz