Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 20:34 Chop etish versiyasi

Sportchi qizlarga bayram sovg‘asi

Sportchi qizlarga bayram sovg‘asi Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Samarqand viloyatidagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘quvchi-qizlariga sport kiyimlari tantanali topshirilmoqda.

Oqdaryo tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan shunday tadbirda mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lami ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yurtimizda muhtasham sport inshootlari bunyod etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida uch bosqichli sport musobaqalari o‘tkazish izchil yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-fevraldagi “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va uning ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorlar bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan.

– Bu yil bayram arafasida tumanimiz bo‘yicha 600 ga yaqin sportchi qizlarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan sport kiyimlari tarqatildi, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Oqdaryo tumani vakili Yorqinbek Xolboyev. – Bunday yuksak e’tibor sportchi qizlar va ota-onalarning sportga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Bejirim sport kiyimlari bilan taqdirlangan sportchi qizlar o‘z quvonch va minnatdorligini ko‘rgazmali chiqishlari va badiiy dasturlar orqali namoyon etdi.

Tadbirda tumandan yetishib chiqqan mamlakat va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, chempionlar sportdagi muvaffaqiyatlari haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Samarqand viloyati filiali ma’lumotiga ko‘ra, Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida 17 ming 300 nafar qizga milliy qadriyatlarimiz va zamonaviy moda yo‘nalishlariga mos sport liboslari sovg‘a qilinadi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 693






Все о погоде - Pogoda.uz