O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

“Sonlar emas, odamlar gapirganda...”

“Sonlar emas, odamlar gapirganda...”

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shu nom ostida yangi loyihaga qo‘l urdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar beradi.

Unda ta’kidlanganidek, vazirlik aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, ishsiz ayollarni ish faoliyatiga jalb etish yo‘lida qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Hunar egallash niyatidagi xotin-qizlar kasbga o‘qitilyapti, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlar uchun subsidiyalar, Bandlikka ko‘maklashish Davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kreditlar taqdim etilmoqda.

– Sonlar, statistikalar bir tomon. Bandlik va mehnat munosabatlari Matbuot xizmati “Sonlar emas, odamlar gapirganda...” rukni ostida mana shunday xotin-qizlar haqida ma’lumot beradi, ularning faoliyatiga nazar tashlaydi, – deyiladi xabarda.

Vazirlik yangi loyihaning dastlabki qahramoni bilan tanishtirishga ham ulgurdi. U xorazmlik Soporgul Qodirova – “FAYZBEK LOBAR” xususiy korxonasi rahbari.

Qayd etilishicha, tadbirkor ayol Bandlikka ko‘maklashish Davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 150 million so‘m kredit olib, o‘z faoliyatini boshlagan. U tuyachilik bilan mashg‘ul.

Soporgul Qodirova aytishicha, tuyalar xarid qilingan paytda ularning vazni 200–250 kilogramm bo‘lgan. Hozir esa 450 kilogrammga yetibdi. Ulardan kuniga 300–350 ming so‘m, oyiga 9–10 million so‘m daromad olish mumkin ekan. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu ishbilarmon ayol kelajakda tuyalarni yanada ko‘paytirish niyatida. Tuya suti va junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi.

483
O‘zA