Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2018 15:31 Chop etish versiyasi

Soliqqa oid konsepsiya doirasida muhokama

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston tadbirkorlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan “Qonun loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi” loyihasi doirasida soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasini muhokama qilish va O‘zLiDePning soliq siyosatini takomillashtirishga doir takliflarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Prezidentimizning joriy yil 13 fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan soliq islohoti konsepsiyasida asosiy maqsad tadbirkor va ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratishdir.

Yurtimizda samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish va soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash, mahalliy byudjetlar daromad qismini mustahkamlash, butun soliq solish tizimi oshkoraligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davra suhbatida mamlakatda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar safini kengaytirish iqtisodiyotimizni yuksaltirishning sharti ekani ta’kidlandi. Bu jarayonda soliq yukini kamaytirish, ishbilarmonlarga yaqindan ko‘mak berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ekani qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan konsepsiyadagi mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyati, biznesni barqaror rivojlantirish uchun qulay biznes muhitiga ko‘maklashuvchi mutlaqo yangi soliq tizimini shakllantirishga oid me’yorlar qo‘llab-quvvatlandi.

Alohida qayd etilganidek, soliq-byudjet siyosati aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini yaxshilashning eng muhim omillari bo‘lgan iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini, tadbirkorlik faoliyatini, ayniqsa, oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.

Soliq huquqbuzarliklarining oldini olish soliq siyosati ustuvorligiga aylanishi zarur. Bunga soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq monitoringi va nazoratini amalga oshirishning zamonaviy usullarini joriy etish, soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish kabilarni hayotga tatbiq etish orqali erishiladi.

Tadbirkorlik faoliyati sohasida soliq qonunchiligining barqarorligi qulay biznes muhitini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi. Partiya hududiy kengashlari tomonidan konsepsiya doirasida ishlab chiqilgan takliflar muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur konsepsiyaning qabul qilinishi va amalga oshirilishi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 290