Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 16:48 Chop etish versiyasi

Soliqlarni vaqtida to‘lash – fuqarolik burchimiz

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida soliq to‘lovchilarning majburiyatlari, soliq sohasidagi yangiliklar va sohaga oid huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Valiyev, Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Bo‘riyev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasida xalqimizning turmush farovonligi oshib, yurtimiz taraqqiyoti yuksalib borayotganligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Soliq va byudjet siyosatining 2017-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni hamda Prezidentimizning 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash, soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida jismoniy va yuridik shaxslarni xabardor qilish borasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi va boshqa idoralar hamkorligida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

– Mazkur qonun bilan soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va soliq solish bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha Soliq kodeksining 38 moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, – deydi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Bahrom Shamsuddinov. – Xususan, kodeksning 59- va 61-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qarzi bir yil mobaynida to‘lanmagan taqdirda, soliq qarzining me’yoridan qat’iy nazar, sud ijrochilari orqali majburiy undirish tartibi belgilandi. Mazkur o‘zgartirishlar kiritilmasdan oldin soliq qarzi miqdori yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan yuqori bo‘lgan taqdirdagina sud tartibida majburiy undirish choralari qo‘llanilardi.

Seminarda qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ma’lumotlar berildi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar, uchrayotgan muammolar hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, kelgusidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 192






Все о погоде - Pogoda.uz