Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.05.2018 21:49 Chop etish versiyasi

Soliq to‘lovini paysalga solmang

Toshkent viloyati davlat soliq xizmati organlari hamda Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlari hamkorligida O‘rta Chirchiq tumanida sud hujjatlari asosida soliq qarzini undirishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamasligi, paysalga solishi yoki undan bo‘yin tovlashi kabi holatlar ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.

Tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan “XOSIYAT-NARGIZA” fermer xo‘jaligining 2017-yildan buyon yig‘ilib qolgan 9 million 908 ming 598 so‘m soliq qarzdorligi mavjud. Hududda o‘tkazilgan tadbir davomida xo‘jalik rahbari G‘.Ahmedovdan ushbu qarzdorlikning 2 million 500 ming so‘mi undirildi. Qarzning qolgan qismini to‘lash uchun fuqaroga ma’lum muddat berildi.

– So‘nggi paytlarda xo‘jaligimizda uchrayotgan turli muammolar tufayli soliqlarni vaqtida to‘lashga ulgurolmadim, – deydi “XOSIYAT-NARGIZA” fermer xo‘jaligi rahbari G‘.Ahmedov. – Biroq, endi qarzlarimni vaqtida to‘lashga harakat qilaman. Bu yil bog‘imizdagi olma va olxo‘ri daraxtlari yaxshi hosilga kirdi. Bundan tashqari, bog‘dagi qator oralariga mosh, loviya ekamiz. Nasib qilsa, daromadimiz ko‘payadi. Ishlar shu tarzda ketsa, yil oxiriga borib barcha soliqlarni o‘z vaqtida to‘laymiz.

Mutaxassislar “KUMUSH TONG” fermer xo‘jaligining 15 million 826 ming 851 so‘mlik soliq qarzi bo‘yicha joyiga chiqilganda xo‘jalik rahbari U.Muhiddinov tomonidan 10 million so‘m soliq to‘lovi amalga oshirildi.

Keyingi manzil hududdagi noturar obyektga ega bo‘lgan qarzdor U.Akimboyev bo‘lib, uning byudjet oldida yer va mol-mulk solig‘idan qarzdorligi 28 million 617 ming 984 so‘mni tashkil etadi. Ushbu shaxs o‘tgan vaqt davomida mazkur obyektni oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan “Asadbek Navro‘z biznes savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ijaraga berib, daromad olayotgan bo‘lsa-da, soliq to‘lovini amalga oshirishni paysalga solib kelayotgan ekan.

– Tekshiruvlar davomida ushbu savdo do‘konida tegishli ruxsatnomasiz alkogol mahsulotlari sotilayotgani aniqlandi, – deydi O‘rta Chirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i I.Egamberdiyev. – Tadbir davomida ushbu holat yuzasidan qoidabuzarlar bilan suhbat o‘tkazildi va rasmiy ogohlantirish xati berildi. Qarzdor mavjud soliq qarzini 1 hafta muddat ichida to‘lab berish yuzasidan tilxat yozib berdi. Joylarda aholi bilan bu kabi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga xizmat qiladi.

O‘rta Chirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil boshida jismoniy shaxslarning soliq qarzdorligi 1 milliard 999 million 230 ming 117 so‘mni tashkil etgan. Soha xodimlari tomonidan o‘tgan vaqt davomida 478 million 34 ming 750 so‘m soliq qarzdorligi undirilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq qarzdorligi esa 1 milliard 250 million 342 ming 833 so‘mni tashkil etib, hozirgi kunga qadar 517 million 209 ming 960 so‘m soliq qarzdorligi undirilgan.

Viloyatda soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, soliq nazoratini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur yunalishdagi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom etmokda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 923