Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.07.2018 17:15 Chop etish versiyasi

Soliq siyosati – barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi

Soliq siyosati – barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida Prezidentimizning 2018-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz iqtisodiy hayotida olib borilayotgan tizimli islohotlar, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar natijasida qisqa davr mobaynida sohada mavjud kamchiliklar va ish uslublari tanqidiy qayta ko‘rib chiqilib, yangilangani, bu yo‘nalishda asosiy e’tibor amaliy samaradorlik va natijadorlikka erishish hamda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.

Deputatlar soliq yukini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash va soliq solish tizimini soddalashtirish hamda ularning yig‘iluvchanligini oshirish borasida jiddiy o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan holda, joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish jarayonida soliq tizimida tadbirkorlik subyektlari va aholini qiynayotgan muammolar hamda yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligiga ham e’tibor qaratdilar.

Tadbirda davlatimiz rahbarining farmoni aynan shu masalalar yechimiga, xususan, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etishga, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni, ya’ni soliq yukini izchillik bilan kamaytirish orqali milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga, biznes yuritish muhitini va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdilar.

E’tirof etilganidek, farmonda kichik va yirik biznes o‘rtasidagi soliqlar farqini bartaraf etish, yuridik shaxslarning foydasidan soliq to‘lash prinsiplarini jiddiy o‘zgartirish, dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini pasaytirish hamda mehnatga soliq yukini keskin qisqartirish kabi aholi daromadlarini oshirish bilan bevosita bog‘liq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Bu esa xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining tavsiyasini qabul qildilar.

I.Ahatova, O‘zA
2 420