O‘zA O`zbek

02.07.2018 20:26 Chop etish versiyasi

Soliq konsepsiyasi: yangiliklar, imtiyozlar

Soliq konsepsiyasi: yangiliklar, imtiyozlar
“O‘zekspomarkaz”da Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining ekspert-jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlandi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soliqqa tortish sohasidagi ekspertlar, biznes-hamjamiyat, diplomatik korpus, xalqaro moliya institutlari, yetakchi OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ayrim odamlarda soliq haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. Go‘yoki ular o‘zlari to‘layotgan soliqlarni kimgadir shundoqqina berib yuborayotgandek tushunishadi. Va soliqlardan qochishadi. Aslida, o‘z vaqtida to‘langan soliqlar bu – bizni qo‘riqlayotgan armiya, zamonaviy maktab, yaxshi ta’lim, sifatli tibbiy xizmat, tekis va ravon yo‘l, o‘z vaqtida beriladigan maosh va pensiyalar, xullas, qulay turmush tarzimiz uchun davlat sarflaydigan mablag‘dir. Har kimning to‘lagan solig‘i zanjirli tizim orqali o‘ziga qaytib keladi.

Prezidentimizning 2018-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmoni soliq siyosatida yangi sahifa ochdi. Yangi soliq konsepsiyasi bu safar tor doirada, sokin kabinetlarda qabul qilinmadi. Aksincha, 3 oy davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p bahslar bo‘ldi. Minglab taklif va munozaralar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida soliqqa tortish tizimini tubdan isloh etish, shu jumladan, soliqlar va majburiy to‘lovlarni qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Qulay raqobatli muhit yaratish, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini ta’minlash, soliq yuklamasini kamaytirish, respublikamizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar, soliq siyosatini takomillashtirish yo‘lida ushbu konsepsiyada ko‘zda tutilgan yechimlarni ko‘rib chiqib, farmonda belgilab berilgan tizimli muammolarga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

– Mazkur konsepsiyaning ahamiyati juda katta, nima uchun? Raqamlar bo‘yicha misol keltiraman, bugungi kunda O‘zbekistonda 13 million mehnatga layoqatli aholi bo‘lsa, jismoniy shaxslardan olinadigan soliq to‘lovlari bo‘yicha soliq to‘layotganlar 4 yarim millionni tashkil etadi. 3,3 million odam pensioner. Bundan ko‘rinadiki, 4 yarim million odam pensiyani ta’minlab berishi kerak. Bu ko‘rsatkich Yevropaning eng qarib borayotgan mamlakatlariga xos. Bizda asosan yosh millat bo‘lishiga qaramasdan shunday ahvol. Davlatimiz rahbari ushbu jihatlarni ham o‘ylab, har tomonlama puxta farmon qabul qildilarki, bu soliq siyosatidagi o‘zgarishlar, rivojlanish uchun katta qadam. Bunda asosiy e’tibor adolatli soliq to‘lash va soliq yukini kamaytirishga qaratilmoqda. Misol uchun, biror katta ishlab chiqarish korxonasi 30 million AQSH dollari aktivi bo‘lsa-da, o‘zini kichik korxona deb ro‘yxatdan o‘tkazib 5 foiz soliq to‘lasa. Bu noto‘g‘ri holat, – dedi O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019-yil 1-yanvardan, mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuklamasi, barcha jismoniy shaxslar daromadlariga 12 foizlik yagona soliq stavkasi joriy etilishi orqali pasaytiriladi, shundan 0,1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisoblariga yo‘naltiriladi, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy badallari bekor qilinadi. Biznes uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi.

Yuridik shaxslar aylanmalari (naqd pul tushumi)dan undiriladigan davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar bekor qilinadi, yuridik shaxslar foydasiga soliq stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun esa 22 foizdan 20 foizgacha pasaytiriladi. Qo‘shimcha qiymatga soliq stavkasining 20 foizlik hozirgi miqdori saqlab qolinadi, bunda soliq hisobi to‘laqonli tizimi joriy etiladi, soliqqa tortish bazasi aniqlashtiriladi, imtiyozlar soni kamaytiriladi va 2019-yil yakunlari bo‘yicha ushbu soliq stavkasi pasaytiriladi.

Qabul qilingan konsepsiya jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida qayta ishlangan hamda biznes va ijtimoiy kafolatlar ta’minlovchisi hisoblangan davlatning manfaatlari hisobga olingan.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
17 582