Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 18:59 Chop etish versiyasi

Sog‘lom hayotga qadam havasdan boshlanadi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaga quruq gap bilan nasihat qilib bo‘lmaydi. Uning jismonan sog‘lom, aqlan yetuk va iqtidorli bo‘lishini istasangiz jonli misollar – sportda, san’atda, ilm-fanda yaxshi natijalarga erishayotgan tengdoshlari ibratini ham ko‘rsating. «Qovun qovundan rang olibdi» deganlaridek, dilbandingiz har sohada yutuqlarni ko‘lga kiritayotgan do‘stlariga havas qilib, ijobiy tomonga o‘zgara boshlaydi.

O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Sog‘lom kelajak uchun” loyihasi doirasida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ta’lim-tarbiyaning ana shunday ta’sirchan usulida yoshlarga sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilindi.

Mirobod tumani xalq ta’lim muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli «Barkamol avlod» bolalar markazida o‘tkazilgan tadbirga tumanning 125-umumta’lim maktabi o‘quvchilari, pedagog-o‘qituvchilar, ota-onalar taklif etildi. Yig‘ilganlarga O‘zbekiston Ekologik harakatining markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi matbuot guruhi koordinatori Muxtasar Ibragimova «Sog‘lom kelajak uchun» loyihasining maqsad va vazifalarini qiziqarli tarzda tushuntirib berdi.

«Barkamol avlod» bolalar markazining iste’dodli o‘g‘il-qizlari san’at, sport, hunarmandlik borasidagi mahoratini namoyish etdi. Ayniqsa «Shahrizoda», «Zebo» raqs dastalari, gimnastikachi qizlarning chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. Farg‘onacha, xorazmcha raqslari bilan hammaning havasini keltirgan yosh raqqosalar orasida kulcha yuzli, kulgichlari yarashgan qizaloq e’tiborimizni tortdi. Uning raqs harakatlari o‘ziga xos, juda go‘zal, iqtidori yaqqol sezilib turibdi.

– Bu qizginamiz Madina Usmonjonova bo‘ladi, – deydi Mirobod tumani «Barkamol avlod» bolalar markazi mutaxassisi Gulchehra Muslimova. – Madina mamlakatimiz miqyosidagi ijodiy ko‘rik-tanlovlar, raqs festivallarida faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Maskanimizning o‘zida va tumandagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan san’at, hunar, chet tillari, texnik modellashtirish kabi yo‘nalishlardagi to‘garaklarimizda 480 dan ziyod o‘g‘il-qiz darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda. Mohir pedagoglar, malakali mutaxassislar, qo‘li gul hunarmandlar ularga bosh-qosh. Ular orasida Madinadek iqtidorli yoshlar ko‘p.

Interfaol o‘yinlar o‘tkazildi. «Hikmatli so‘zlar» bellashuvida ishtirokchilar Vatanni sevib-ardoqlash, tabiatni asrab-avaylash, mardlik va jasurlik haqida ko‘plab maqollarni yod olganini namoyon qildi.

Tadbirning eng faol ishtirokchilari faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Malohat Husanova, O‘zA
1 968






Все о погоде - Pogoda.uz