Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2018 18:27 Chop etish versiyasi

Sobir Sayhon: "Mushtarak adabiy aloqalarimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlaridek qadimiy"

Sobir Sayhon: "Mushtarak adabiy aloqalarimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlaridek qadimiy" Vatan tuyg‘usi shonli yillarda, kundalik hayotda, muqarrar har qayerda, har qanday makonda Odam farzandiga birdek xos bo‘lgan ulug‘ hisdir. Mehr-oqibat, jasorat, vafo, or-nomus tushunchalarini, insoniy fazilatlarni Vatandan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Binobarin, ushbu g‘oyani chinakam his etgan kishilargina inson sifatida e’tiboru e’zozga munosibdir.

O‘zA muxbirining turkiyalik vatandoshimiz, taniqli adib Sobir Sayhon bilan suhbati Vatan qadri, uning ulug‘ligi, ozodligi va hurligining betimsol baxt ekani, Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan insoniy fazilatlar haqida bo‘ldi.

– Suhbatimizni siz tug‘ilgan yurt – O‘zbekiston haqidagi bolalik xotiralaringiz bilan boshlasak.

– Cho‘lda o‘rmalab yurgan jonivor tug‘iliboq o‘z makonini biladi, qushlar, dengiz va daryolardagi baliqlar oshyonini his qiladi. Shu kabi odamlar ham qayerda tug‘ilib o‘ssa, o‘sha joyga cheksiz mehr qo‘yadi.

Kamina 1931 yilda Marg‘ilonning Varzak qishlog‘ida tug‘ilganman. Biroq sho‘ro hukumatining qatag‘onlari tufayli oilamiz 30 kunlik chaqaloqligimda Vatanni tark etishga majbur bo‘lgan. Bolaligim, avval, afg‘on tuprog‘idagi suronli yillarda o‘tdi. Taqdir taqozosiga ko‘ra Hindiston, Pokiston, bir muddat Iroq o‘lkalaridagi musofirlikdan so‘ng oilamiz ona diyorimizning do‘sti bo‘lgan Turkiyada qo‘nim topdi. Ammo bir lahza bo‘lsa-da, Vatan sog‘inchi bizni aslo tark etmadi. Otamning “Nomusli va diyonatli kishilar o‘z vijdoni oldida burchli bo‘ladi” degan gaplari, uning Vatan oldidagi majburiyatni bilishdek hayot falsafasi ta’sirida uyg‘aydik. Keyin bilsam, bu jihatlar har bir o‘zbek oilasida, avlodlar silsilasida o‘z ifodasini topgan ekan.

Har gal O‘zbekistonga kelganimda kindik qonim to‘kilgan, bobolarim ulg‘aygan tuproqni tavof qilaman, unga jannatmonand yurt degan ta’rif bejiz berilmaganiga imon keltiraman. Bolaligimda O‘zbekistonni bir bor ko‘rish, go‘zal shahar va qishloqlarida bo‘lishni juda orzu qilardim. Shukrki, bu orzuimga yetishdim. Bugun xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz o‘zbek xalqi amalga oshirayotgan ishlardan, O‘zbekistonning erishayotgan yutuqlaridan faxr hissini tuyadi.

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, odamlar hayotiga quvonch, ishonch olib kirayotgan islohotlar haqidagi fikrlaringiz o‘quvchilar uchun qiziq bo‘lardi.

– O‘zbekistonda barcha jabhalarda olib borilayotgan yangilanishlardan mamnun va baxtiyor ekanimni quvonch bilan aytmoqchiman. Odamlar dunyoqarashida, turmush tarzida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni Vatandan tashqarida bo‘lsam-da, oynai jahon va internet tarmog‘i orqali doim kuzatib boraman. Yaqin qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik yanada mustahkamlanayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jahon afkor ommasining e’tibori afg‘on mojarosini hal qilish zaruratiga qaratilayotgani tahsinga loyiq.

Ijodkorni inson his-tuyg‘ulari, ko‘ngil kuychisi deyishadi. Shuning uchundir bugun dunyo sahnida sodir bo‘layotgan taloto‘plar girdobida, jismim ozodlikda bo‘lsa-da, qalbim urush iskanjasidan qutulishni, erkinlikni istaydi. Axir, necha zamonlardan buyon Sharqu G‘arbni ma’naviy-madaniy, iqtisodiy bog‘lab kelgan afg‘on diyorining eshiklariga qulf osilgan. Darvozalar qayta ochilmog‘i, ayro qalblar birlashmog‘i kerak. O‘zbekistonning Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatishdagi dadil qadamlari afg‘on birodarlarimiz hayotiga ham tinchlik ne’matini olib kirishiga ishonaman.

– O‘zbek va turk xalqlari ulkan ma’naviy salohiyatga ega, ijodkorlarimiz o‘rtasida mushtarak adabiy qadriyatlar davom etib kelmoqda. Shu haqdagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Turkiyalik vatandoshlarim O‘zbekistonni ota yurt, deya tilga olishadi. Tili va dini, kelib chiqishi bir bu ikki xalq asrlar davomida birdamlikda yashab kelgan. Xalqlarimizning turmush tarzi, urf-odat va an’analarida o‘xshash jihatlar ko‘pligi ularning har doim ma’naviy yaqinlikda hayot kechirganidan dalolat.

O‘zbekiston zamini islom olamida mashhur avliyolar, buyuk muhaddislar, ulamolarni yetishtirib bergan. Shuning uchun O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish maqsadida Turkiyadan ham ko‘plab ziyoratchilar Toshkent, Samarqand, Buxoroga keladi. Turkiyaliklar musulmonlar orasida ham Naqshbandiya tariqati keng tarqalgan. Ushbu tariqatning vatani Buxorodir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda qator mamlakatlar, jumladan, Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun ham 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy etildi. Buning ortidan O‘zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish, birinchi navbatda, ziyorat turizmini keng ommalashtirish imkoni paydo bo‘lmoqda.

Mushtarak adabiy aloqalarimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlaridek qadimiy ekanini ta’kidlashni istardim. Alisher Navoiyning boy adabiy merosi turkiy xalqlar o‘rtasida keng tarqalgan. Uning ijodi timsolida ikki ulug‘ xalq adabiyotlari o‘rtasidagi aloqalarning hayotbaxsh samaralariga guvoh bo‘lish mumkin.

Bugun ham o‘zbek adabiyoti munosib tarzda taraqqiy etmoqda. Mustabid tuzum davridagi mafkuraviy tazyiqlarga qaramasdan ma’rifatparvar adiblar millatning ruhi bo‘lgan ona tili, azaliy qadriyatlarni avlodlarga bezavol yetkazish, mustaqillikning ma’naviy asoslarini yaratish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. Bunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining munosib o‘rni bor.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Hujjatda milliy o‘zbek adabiyoti rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatda yangicha tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish masalalari belgilangan. Unda dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish hamda chet ellarda targ‘ib etish kabi dolzarb vazifalar o‘rin olgani e’tiborga loyiq.

O‘tgan yillar davomida o‘zbek adabiyotida ko‘plab sara asarlar yaratildi. Biroq jahon adabiyoti bu ijod namunalaridan to‘la bahramand bo‘la olmadi. Turkiyalik kitobxonlar Axsan, To‘lqindek tarjimonlar ko‘magida zamonaviy o‘zbek adabiyoti bilan qisman tanish. Bir mavzuni kitobxon ongiga singdirish kamina kabi havaskor qalamkash imkoniyatlaridan tashqari holat deb hisoblasam-da, baholi qudrat Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”ni, Nasriddin Muhammad va Mansur Xo‘jayev asarlarini turk tiliga, Dundor Olp tomonidan usmonlicha tilida bitilgan Amir Temur haqidagi romanni o‘zbek tiliga tarjima qildim. Axir, o‘zbek badiiy asarlari, tarixiy shaxslar gavdalangan qissayu hikoyalarda til va uslubda ohori to‘kilmagan so‘zlarni, lisoniy soddalik va tabiiylikni, o‘zbekona uslub jilolarini ko‘rib, quvonmay ilojingiz qancha?

Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat adabiyotda, balki boshqa sohalarda ham kuzatilmoqda. Har gal ana shunday yangilanishlar haqida eshitganimda, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishishni va shaxsan tashakkurimni yetkazishni orzu qilaman. Zero, vatani va xalqini chin dildan sevgan insongina ana shunday tashabbuslarga bosh bo‘la oladi.

O‘zA muxbiri Ulug‘bek Shonazarov suhbatlashdi.
1 972