O‘zA O`zbek

09.07.2018 17:17 Chop etish versiyasi

“Smart City” — “aqlli” shahar

“Smart City” — “aqlli” shahar
Tahlilchilarning fikricha, 2050 yilga borib yer yuzi aholisining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Bu o‘z navbatida megapolislarda bir qator muammolarni yaratadi. Ya’ni aholi zich yashay boshlaydi, ko‘chalarda yurish murakkablashadi, resurslardan samarali foydalanishning imkoni bo‘lmaydi.

Shu sababli ham bir qator mamlakatlarda zamonaviy shahar infratuzilmalarini yaratish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. So‘nggi vaqtlarda tilimizga “aqlli” shahar atamasi kirib keldi. XX asrda paydo bo‘lgan bu ibora XXI asrda hayotga keng tatbiq etilmoqda. Yer yuzida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlagan shaharlar paydo bo‘lmoqda. Bu loyiha “Smart City” (“aqlli” shahar) deb nomlanmoqda. Ayni damda aqlli shaharlar soni 400dan oshib ketdi.

“Smart Citiyes”, bu — shaharsozlikning yangi ko‘rinishidir. Aqlli shahar ma’nosini beruvchi “Smart Citiyes” kelajakda ekologik toza va iqtisodiy taraqqiy etgan, shu bilan birga, aholi bandligi ta’minlangan makonni anglatadi.

“Smart Citiyes” nima uchun kerak? Bu savolga urbanizatsiya, iqtisodiy taraqqiyot va ekologik tahdidlar omil bo‘lgani bilan javob qaytarish mumkin. Shahar aholisining ko‘payib borayotgani shaharlarda ekologik toza texnologiyalardan oqilona foydalanishni taqozo qilmoqda.

Ma’lumki, mamlakatlar yalpi ichki mahsulotining katta qismi shaharlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2025 yilga borib jahondagi 600 ta yirik shahar jahon yalpi ichki mahsulotining 60 foizini beradi. Shu shaharlarning 30 tasi esa 2010 yildan 2020 yilgacha yalpi ishlab chiqarishni 20 foizga oshiradi. Urbanizatsiya jarayonlarining ortib borayotgani esa shahar ekologiyasiga bosim o‘tkazmoqda. Havoga chiqarilayotgan uglekisli gazlarning 70 foizi shahar hissasiga to‘g‘ri kelishi aytiladi. Bu jahonda ishlab chiqariladigan energiyaning 80 foizi shaharlarda iste’mol qilinishini anglatadi.

Tahlilchilarning fikricha, “aqlli” shaharda oqilona boshqaruv va oqilona hayot ta’minlanishi kerak. Ya’ni, iqtisod ham, aholining safarbarligi ham, turmush tarzi ham aqlli bo‘lishi kerak. Bu kabi talablar hozircha ozgina shaharlarda joriy etilmoqda.

“Aqlli” shahar deganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi galda Yevropa va Shimoliy Amerika kelishi aniq. Haqiqatan ham hozircha shunday. “Aqlli” shaharlar ro‘yxatiga Vena, Barselona, Amsterdam, Nyu-York kiritilgan. Osiyo mamlakatlari ham chetda turgani yo‘q. Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay, Xitoyning Shanxay va Gonkong, Janubiy Koreyaning Seul, Singapur poytaxti, Avstraliyaning Ballarat shaharlarini ham “aqlli” shaharlar ro‘yxatiga kiritish mumkin. “Aqlli” shaharlar ro‘yxatini tuzishda yagona talab yo‘q. Har bir shahar o‘zicha “aqlli” shahar sifatida ko‘riladi.

Avstriya poytaxi Venani olib ko‘radigan bo‘lsak, bu shaharda ko‘plab muammolar bartaraf etilgan. Bosh loyihaga ko‘ra, bu shaharda jamoat transporti juda ham taraqqiy etgan. Vena turar-joy binolarining samara berayotganidan faxrlansa arziydi. Bu yerda binolar energiya ishlatishdan ko‘ra ishlab chiqarishi bilan ajralib turadi. 2020 yilga borib Venada 300 ming kvadrat metr quyosh kollektorlari o‘rnatiladi. Shuningdek, shahar atrofida “aqlli” yo‘ldosh shaharchalar qurilishi rejalashtirilgan. Aspern deb nomlanuvchi mazkur hududda shaharsozlikning eng zamonaviy ko‘rinishlari o‘z aksini topadi. Bu yerda kommunikatsiya tizimida deyarli muammolar bo‘lmaydi. Shahardagi muammolarni uydan tashqariga chiqmay turib hal qilish imkoniyatlari yaratiladi. Bu shaharda navbatda turish nima ekani bilinmaydi. Dam olish imkoniyatlari esa yanada kengayadi.

“Aqlli” shahar deganda bilimlar shahrini, raqamlar shahrini, kibernetika shahrini, ekologik shaharni tushunish kerak. “Aqlli” shaharning oddiy shaharlardan farqi fuqorolarning o‘zaro muloqotida ham bilinadi. Oddiy shaharlarda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari “aqlli” shahardagidek odamlar hayotiga kirib bormagan. Bir so‘z bilan aytganda, “aqlli” shaharlar inson farovonligiga yo‘naltiriladi.

“Aqlli” shaharda ishsizlik bo‘lmaydi. Sotsiolog va iqtisodchilar ishlab chiqarish avtomatlashgani bois ish o‘rinlari qisqarishidan xavotirga tushmoqda. Biroq hi-tech sohasida ishlovchi mutaxassislarga talab ortishidan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy sohalarda, sog‘liqni saqlash tizimida, ta’lim va xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida ishlaydiganlarga ham talab kamaymasligini yoddan chiqarish kerak emas.

Sharofiddin To‘laganov
4 084