Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.03.2018 17:08 Chop etish versiyasi

Siz ko‘chatni qanday tanlaysiz? Shaftoli va o‘rik nihollarini qanday qilib bir-biridan ajratsa bo‘ladi?

Siz ko‘chatni qanday tanlaysiz? Shaftoli va o‘rik nihollarini qanday qilib bir-biridan ajratsa bo‘ladi? Bog‘larda bahor kezmoqda. Shu kunlarda mahallalarda, bozorlarda suhbatning avji kelgusida mo‘l hosil olish uchun bugun qanday ko‘chat ekish-u, aldanib qolmaslik uchun uni qay manzildan olgan ma’qulligi haqida desam yangilishmagan bo‘laman.

Ko‘chatlar sotiladigan rastalarda nihol xarid qilayotgan ba’zi odamlarning daraxt ekish, ko‘chat tanlash borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.

– Har yili hovlimizga bir necha tup yangi ko‘chat ekaman, – deydi yunusobodlik Nozim Holiqov. – Uch yil oldin ko‘chat tanlashda bir adashdim. Olmaning “Besh yulduz” navini parvarishlayapman, deb yursam, u taxir mazaga ega “yovvoyi” qizil olma bo‘lib chiqdi. O‘shanda ko‘chatlarni tanlay bilmaganim, sotuvchining aldaganidan jahlim chiqdi. Hozir o‘sha daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chat olish uchun keldim. Endi tasavvur qiling, men ikki tupgina ko‘chat yetishtirishga ketgan vaqtimga attang, deb turibman. Agar mening o‘rnimda bir necha gektarlik bog‘ qilishni niyat qilgan odam bo‘lganida nima bo‘lardi?

– Ko‘chat tanlashning nozik jihatlari ko‘p, – deya suhbatimizga qo‘shildi o‘zini Akbar Ikromov deb tanishtirgan yana bir xaridor. – Ko‘chat oluvchilarga bir-ikki maslahat bermoqchiman. Sifatli ko‘chat olishni xohlaganlar, eng avvalo, bozorga tajribali bog‘bon bilan kelishi kerak. Masalan, shaftoli va o‘rik ko‘chatlari bir-biriga o‘xshagani bois hamma ham ularni darrov ajratolmaydi. Yana bir jihati, yurtimizda ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari va korxonalar soni juda ko‘p. Iloji boricha, ko‘chatlar ana shunday joydan olinsa, sifati kafolatlangan bo‘ladi.

– Aslida ayb o‘zimizda , – deydi Saydullo Tohirov. – Bozordan emas, bog‘bonning uyidan yoki ilmiy muassasadan olishimiz kerak ko‘chatni. Ana shunda ko‘chat biz istagandek bo‘lmasa, unga borib shikoyat qilishimiz mumkin. Bozorda ko‘chat sotgan odamni keyingi yil izlab topolmaysiz. Ham vaqtga, ham pulga kuyib qolaveramiz. Bozordagi sotuvchilar orasida egrisi ham, to‘g‘risi ham bor-da.

Xaridorlarning kuyunchaklik bilan o‘rtaga tashlagan savollari va fikrlari juda o‘rinli. Xo‘sh, ko‘chatlar sifatini tashqi ko‘rinishidan aniqlash yo‘llari bormi? Bu haqida bilish uchun mutaxassisga – Bo‘stonliq tog‘ ilmiy-tajriba stansiyasi direktori Karimjon Abdullayevga murojaat qildik.

– Ko‘chat tanlanayotganda bo‘yi o‘rtacha 1,5 metr, navdalari silliq va uzun, kurtaklari orasidagi masofa bir xil bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur, – deydi K.Abdullayev. – Bu ko‘chatning barcha agrotexnika qoidalariga amal qilingan holda yetishtirilganidan dalolat beradi. Navdalari kalta, ulardagi kurtaklar orasi juda yaqin bo‘lsa, ko‘chat “qiynalgan”idan darak beradi, ya’ni u me’yorida rivojlanmagan bo‘ladi. Ildiz bo‘g‘izi ham me’yorida rivojlangan va qalinligi 1,8 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak. Keyin payvandustga e’tibor beriladi. U me’yorida va sifatli o‘sgan bo‘lishi zarur. Payvandtag bilan payvandustning o‘lchami bir xil bo‘lsa ko‘chat sifatli hisoblanadi. Shunday ko‘chat tanlansa daraxtning umri uzoq bo‘ladi, yaxshi hosil beradi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, payvandtag payvandustdan ingichkaroq yoki aksincha bo‘ladi. Asosiy ildizlari ham yetarli darajada yo‘g‘on va 3-4 tadan kam bo‘lmasligi kerak.

Bo‘stonliq tog‘ ilmiy-tajriba stansiyasi ko‘chat ekish, yon-atrofini obod etish istagidagi yurtdoshlarimizga yaqindan yordam bermoqda. Ilmiy jamoa bahorda joylarga yetkazib berish uchun 25 ming donadan ko‘proq mevali daraxt ko‘chatlarini tayyorladi. Bozorga nisbatan 15 foiz arzon narx belgilangan bu ko‘chatlar yurtimiz iqlim sharoitiga mosligi va serhosilligi bilan ajralib turadi. Hozirda olimlarimiz yaratgan funduk navlaridan tayyorlangan 2 mingta, yong‘oqning yarim pakana navlaridan mingta, nok, gilos va olmaning ham eng sara hamda payvand qilingan nihollari xaridorlarga yetkazib berildi.

Ha-ya, biz «Qo‘yliq» dehqon bozoridagi ko‘chat sotuvchilardan biri – Abdukarim Yo‘ldoshovni ham suhbatga chorladik.

– Ko‘chat yetishtirayotganimga o‘n yillar bo‘lib qoldi, – deydi A.Hakimov. – Endi ish boshlaganimda o‘ylagan edim: bir yilda mingdan ortiq ko‘chat yetishtirib, butun qishloqni ta’minlasam, keyingi yil talab bo‘lmasa, ko‘chatni kimga sotaman deb. Adashgan ekanman. Aksincha, ko‘chat so‘rovchilar soni ikki hissaga ko‘paydi. O‘shandan buyon hovlimizning bir chetida har yili 4-5 ming tup ko‘chat yetishtiramiz. O‘tgan yili 20 million so‘mdan ko‘proq daromad oldik. Bu mavsumda ham natija yaxshi bo‘ladi, deb umid qilib turibmiz.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi bog‘ tashkil qilishda, ko‘chat sifati bilan bir qatorda yerning mineral o‘g‘itlarga boyligiga ham jiddiy e’tibor qaratish kerak. Negaki, barcha jabhalarda bo‘lgani kabi bog‘dorchilikda ham dastlabki qadam noto‘g‘ri tashlansa, keyingi odimlar kutilgan natijani bermaydi. Haqiqatdan ham siz har qancha tajribali bo‘lmang, yer unumsiz yoki xasaki daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa undan hech narsa umid qilib bo‘lmaydi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
3 556