Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.09.2017 13:16 Chop etish versiyasi

Sirdaryoda bolalarni sog‘lomlashtirish imkoniyati yanada kengayadi: 200 o‘rinli yangi oromgoh uchun yer ajratildi

Sirdaryoda bolalarni sog‘lomlashtirish imkoniyati yanada kengayadi: 200 o‘rinli yangi oromgoh uchun yer ajratildi Mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda.

Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan bolalarni yozgi dam oldirish va sog‘lomlashtirish tashkilotchilarining anjumanida bu alohida ta’kidlandi.

Viloyatda bolalarni sog‘lomlashtirish borasidagi ishlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tadbirda viloyat hokimligi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport boshqarmalari mutasaddilari, oromgohlar rahbarlari, sport murabbiylari, tibbiyot xodimlari, oromgohlarga biriktirilgan ichki ishlar idoralari xodimlari ishtirok etdi.

– Joriy yilgi mavsumda viloyatdagi 3 doimiy oromgohda 1 ming 800 nafar, 32 kunduzgi oromgohda 8 ming 100 bolaning ko‘ngildagidek dam olishi ta’minlandi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi K.Oqbo‘tayev. – Oromgohlar bolalarni nafaqat jismoniy sog‘lomlashtirish maskani, balki ularning ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish markaziga aylandi. Kelgusi yili bolalarni sog‘lomlashtirish imkoniyatimiz yanada kengayadi. Xushhavo tog‘ bag‘rida yangi oromgoh uchun yer ajratildi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘lari evaziga bunyod etiladigan ushbu oromgoh 200 o‘rinli bo‘lib, mavsum davomida mingdan ortiq bola miriqib hordiq chiqarishi mumkin.

Tadbirda yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi yakunlari sarhisob qilindi. Unda bolalarni yozgi dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan “Eng mohir to‘garak rahbari”, “Eng faol yetakchi”, “Eng yaxshi sport murabbiyi”, “Eng yaxshi tibbiyot xodimi”, “Eng faol ichki ishlar idoralari xodimi”, “Eng mas’uliyatli tashkilotchi”, “Eng yaxshi oromgoh rahbari”, “Eng namunali oromgoh” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.

Tadbir so‘nggida yozgi dam olish oromgohlari to‘garaklari ko‘rgazmasi, sog‘lomlashtirish jarayoni aks etgan video-roliklar namoyish etildi. To‘garak a’zolarining Vatan, tinchlik, do‘stlik va yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq va raqslari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
1 668






Все о погоде - Pogoda.uz