Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 19:21 Chop etish versiyasi

Sirdaryo viloyatida ham “Yo‘l xaritasi” hududlar taraqqiyotiga xizmat qilmoqda

Prezidentimizning 2017- yilning 8- avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat tuman va shaharlari ixtisoslashuviga ko‘ra 4 sektorga bo‘lingan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga Shirin shahri, Sirdaryo va Oqoltin tumanlari biriktirilgan.

“Yo‘l xaritasi”ga asosan hududlar hokimlari tomonidan ushbu masala bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, 34 nafar xodimdan iborat ishchi guruhi shakllantirilgan. 2017-yilda hududda 615 loyiha hayotga tatbiq etildi, 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda esa 122 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu 3 ming 684 ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Hududdagi 56 mahalla fuqarolar yig‘inida 192 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Fuqarolar mavjud 4 ming 100 gektar tomorqadan unumli foydalanayotir. 2 tuman va 1 shahar hududidagi 2 ming 544 ehtiyojmand oilaga tijorat banklarining 6 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratilgan edi. “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanish holatini o‘rganish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasining 73 nafar xodimi 36 ming 246 oilaga biriktirilib, har bir oilaga kirib, tomorqadan, tijorat bankidan olingan kreditdan maqsadli foydalanishi hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hududdagi bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilgan 2 ming 726 fuqaroning 2 ming 536 nafari ishga joylashtirildi. Ishsiz aholi bandligini ta’minlash uchun ijrosini kutayotgan loyihalarni izchil amalga oshirish talab etiladi.

Ayni paytda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida Shirin shahri, Sirdaryo va Oqoltin tumanlari sog‘liqni saqlash muassasalarini zamonaviy jihozlash, dori-darmon bilan ta’minlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda binolarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilishga zarur mablag‘ yo‘naltirildi. 11 yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, shu sohada faoliyat yuritish istagini bildirgan fuqarolarga tijorat banklaridan 40 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratildi. 1000 dan ziyod aholi ushbu tizim orqali ish bilan ta’minlandi.

Joriy yilda hududda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirib 2 ming 679 nafar kishi tijorat banklariga murojaat qilgan. Ayni paytda ularning biznes-rejalari o‘rganilmoqda.

Hududda 37 ming kilometrga yaqin ichki xo‘jalik yo‘llari mavjud bo‘lib, 2017-yili 29 mahallada salkam 15 kilometrlik yo‘l qayta ta’mirdan chiqarildi. Suyultirilgan gazga ehtiyoji bo‘lgan xonadonlarning 4 ming 173 tasiga gaz ballonlari yetkazildi. Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 27 mahalladagi beton simyog‘ochlar, elektr o‘tkazgich simlari almashtirildi, 18 yangi transformator o‘rnatilib, 44 tasi ta’mirlab berildi.

Mahalliy hokimlik, huquq-tartibot idoralari, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, imom-xatiblarni jalb etgan holda voyaga yetmaganlar, uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar ijobiy samara berayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Hududda o‘tgan yili umumiy jinoyatlar soni 2016-yilga nisbatan 794 taga kamaydi. Iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan orqada qolayotgan hududlarni rivojlantirish eng asosiy vazifalardan etib belgilangan. Bularning barchasi hududlar rivoji va aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Muhiddin Jo‘rayev,
Sirdaryo viloyati ichki ishlar
boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik.

O‘zA
6 836