O‘zA O`zbek

05.03.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Sirdaryo tumanida “Eng yaxshi kasb-hunar ta’limi muassasasi” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda hududdagi barcha kasb-hunar kollejlari rahbarlari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Bugungi kunda viloyatdagi 48 kasb-hunar kolleji va 3 akademik litseyda 31 mingdan ziyod o‘quvchiga 3 mingga yaqin malakali ustoz-pedagog saboq bermoqda. Yoshlar 80 yo‘nalish bo‘yicha kasbga yo‘naltirilib, zamon talablari asosida tahsil olmoqda.

Seminarda Sirdaryo sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘zlari tayyorlagan sanoat, kommunal va maishiy texnika jihozlari, qurilish materiallari, hunarmandlik mahsulotlarini namoyish etdi.

Mazkur kollejning 2-bosqich o‘quvchisi Diana Bo‘zdayeva ko‘rgazmada kichik quyosh panellari yordamida ishlaydigan turli xil yoritgichlar bilan ishtirok etgan bo‘lsa, uning kursdoshi Temur Jo‘rayev innovatsion tejamkor uy loyihasida bir yo‘la tabiiy resurslardan – quyosh paneli, shamol va suv generatorlari yordamida uyni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan moslama bilan qantashdi. Kollej ustaxonasida yasalgan milliy san’atimiz, yog‘och o‘ymakorligi namunalari, qurilish materiallari va o‘quvchilarning boshqa ijod mahsulotlari seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Seminarda Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan vazifalar, bugungi kasb-hunar kollejlarining ma’naviy qiyofasi va yoshlarni kasbga yo‘naltirishdagi hal qiluvchi vazifalar xususida ma’ruzalar tinglandi.

– Kollejimizda yoshlarga istiqbolli reja asosida ta’lim berilmoqda, – deydi Sirdaryo sanoat kasb-hunar kolleji direktori M.Zaripov. – Kelgusida hududdagi qo‘shma va sanoat korxonalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishni rejalashtirdik. Hozirning o‘zida tumanimiz hududida barpo etilgan Sirdaryo shisha zavodi uchun zarur mutaxassis kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, tumanimiz hududida joylashgan “Peng Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatganmiz. O‘quvchilarimiz 2-bosqichdayoq kasb yo‘nalishlari bo‘yicha korxonalarda amaliyot o‘tash uchun biriktiriladi. 3-bosqichda esa ular o‘sha yerda diplom ishi amaliyotini bajaradi.

Bularning barchasi mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, har tomonlama sog‘lom, yuksak salohiyatli barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularga kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar samarasidir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
4 491