O‘zA O`zbek

09.07.2018 11:57 Chop etish versiyasi

Sifatiga kafolat bormi?

Sifatiga kafolat bormi? Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori-darmon vositalari, shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlarini qing‘ir yo‘llar bilan olib kirilishining oldi olinmoqda.

Ma’lumki, respublikamizda jismoniy shaxslar bojxona chegaralari orqali shaxsiy foydalanish uchun turli nomdagi 10 tagacha nomdagi va har biri 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori preparatlari hamda 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarni olib kirishlari yoki olib chiqishlari mumkin.

Mazkur talablarga rioya qilmagan holda “Daut-ata” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan respublikamiz fuqarosi O.N. yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va eng asosiysi, sifati kafolatlanmagan 34 konvalyutada jami 850 dona “Konkor” nomli tabletkalari, 13 pachka jami 65 ampulada “Neyroks” nomli dorilar, 14 flakonda jami 1 ming 400 dona “Korinfar” nomli tabletkalar, 12 ta konvalyutada 126 kapsula “Utrojestan” nomli dorilarni Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l stansiyasida “Beyneu-Nukus” yo‘lovchi poyezdi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, respublikamiz fuqarosi J.Ye.ga tegishli yuklar bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, ushbu shaxs bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, belgilangan miqdordan ortiq 210 litr pivoni hech qanday hujjatlarsiz Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Aytish joiz, bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishning amaldagi tartiblariga ko‘ra jismoniy shaxslar mamlakatimizga alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni 2 litrgacha bojsiz olib kirishlari mumkin.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

O‘zA
3 435