O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Shogirdlar ishonchi va koʻpning hurmatini qozongan murabbiy

Shogirdlar ishonchi va koʻpning hurmatini qozongan murabbiy

Sportga mehri baland bu insonning Arnasoyga kelganiga yaqinda qirq boʻladi. Oʻsha paytlarda uning yaqinlari endigina tashkil etilgan tumandagi hali binosi ham yoʻq sport maktabiga murabbiy boʻlib borishini tushunishmagandi.

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Savay” sovxoz-texnikumini bitirgandan soʻng viloyat voleybol jamoasi tarkibida oʻynayotgan Ravil Davidovning taqdiridagi tub burilish ham sport bilan, toʻgʻrirogʻi, davlatning oʻsha davrdagi sportni rivojlantirish siyosati bilan bogʻliq edi.

Oʻtgan asrning yetmishinchi-saksonchi yillarida “Savay” sovxoz- texnikumi Oʻzbekistondagina sobiq ittifoqda tanilishiga faqat makkajoʻxoridan yuqori hosil yetishtirishi emas, xoʻjalikdagi sportchi yoshlarning yutuqlari ham sabab boʻlgandi. Oʻsha davrda bayroqni baland koʻtarishda sportdan samarali foydalangan sobiq ittifoqdagi sanoqli xoʻjaliklaridan biri “Savay”da koʻplab iqtidorli sportchilar yetishib chiqqandi. Viloyat voleybol terma jamoasi asosiy tarkibi ham Ravil Davidov kabi sovxoz-texnikum bitiruvchilaridan tashkil topgandi.

Sport sohasidagi tajribali mutaxassislarning nazaridan sovxoz texnikumdagi qobiliyatli sportchilar oʻsha davrda ham chetda qolmagan. Yaxshi sportchilarni olib ketishga hatto olis hududlardan ham “ovchi”lar kelib turishgan.

Jizzax choʻlida yangi tashkil topgan Arnasoy tumani kasaba tashkilotlari uyushmasi sport jamiyatining raisi Muhammadjon Ahmadjonov asli andijonlik boʻlib, “Savay”lik sportchilar bilan yaxshi tanish, qadrdon edi. Vazifasi tuman sportini rivojlantirish boʻlgan bu amaldorning “qadrdonlarni koʻrishga” tez-tez borib turishida ham boshqa manfaat boʻlgan albatta. U doʻstona suhbatlar davomida Arnasoyning chunonam tarifini keltirib maqtardiki, har qanday yosh yigitda beixtiyor bu gʻaroyib tumanni koʻrish istagi paydo boʻlardi.

– Men ham Muhammadjon akaning “tashviqoti” bilan 1981-yilda Arnasoyga kelib, shu zaminga bir umr bogʻlanib qoldim, – deydi Ravil Davidov. – Meni tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga murabbiy qilib olishlari bilan voleybol jamoasini tuzdim. Hozirgidek, sharoit qayoqda, ochiq maydonda chang koʻtarib mashq qilardik. Boshqa tumanlarni yenggan boʻlsak ham, viloyatdagi sport amaldorlari bizning jamoamiz borligini tan olishni istashmagandi. Oʻshanda jamoa ekanligimizni isbot qilish uchun viloyat terma jamoasini yengganmiz. Keyinchalik esa viloyat voleybol terma jamoasi asosiy tarkibi aʼzolarining koʻpchigi arnasoylik yoshlardan iborat boʻldi.

Shahar yaqinidagi obod qishloqda ziyoli oilada tugʻilib voyaga yetgan yigit Qizilqumning jazirama, suronli bagʻridagi Arnasoyning hayotiga koʻnikib ketishiga ham sportga boʻlgan muhabbati sabab edi. Boshida bir-ikki yilda qaytish niyati boʻlgan yosh murabbiy boshlab qoʻygan ishlarini oxiriga yetkazmasdan ketishni koʻzi qiymadi. Oʻz binosiga ega boʻlmagan maktab uchun stadion, sport maydonlari qurish, qishloq bolalarida nafaqat voleybol, sportning barcha turlariga qiziqish uygʻotish uchun yelib-yugirdi.

Murabbiy boʻlish uchun faqat kuchli sportchi boʻlishning oʻzigina yetarli emas, pedagogikani, bolalarning psixologiyasini ham bilishi zarur ekan. Jismoniy tarbiya institutining sirtqi boʻlimiga kirib oʻqidi. Oʻqish davrida Larisa ismli qizga uylandi. Keyin birin-ketin farzandlar tugʻildi.

Ish, oʻqish, roʻzgʻor, bolalar tashvishlari unga yillarning qanday tez oʻtganligini sezdirmadi. Shu yillar davomida odamlar, hamkasblari oʻrtasida, mahallasida oʻrnini topdi.

Turmush oʻrtogʻi Larisa Vyacheslavna tumandagi 10-oʻrta maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlardi. U bolalarda sportga qiziqish uygʻotishda ham, jamoat ishlarida ham Ravil akaning yaqin hamkori boʻldi.

Ota-onalarining yoʻlidan borib qizlari Gulsum va Zarina ham oʻqituvchilik kasbini tanlashdi. Oʻgʻillari Rifat va Farid boshqa kasb egalari boʻlsada, sport ularga ham begona emas. Davidovlar oilasi har yili oʻtkaziladigan “Otam, onam va men – biz sportchilar oilasi” musobaqasida bir necha yillar gʻolib chiqqan. Endi sulola anʼanasini nevaralar davom ettirmoqda.

Oʻtgan yillar davomida Ravil aka oʻzi uchun qadrdon boʻlgan, dastlab mehnat faoliyatini boshlagan va hozir ham ishlayotgan tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hayotida roʻy bergan barcha oʻzgarishlarda uzluksiz qatnashib kelayotir. U bu dargohda avval murabbiy, keyin direktor boʻlib ishladi. Uning ishchanligiga, tashkilotchiligiga zaruriyat paydo boʻlganida tuman sport qoʻmitasi rahbari lavozimiga tayinlandi.

U sport sohasida qaysi vazifada ishlasa ham bitta maqsadga – bolalar sportini rivojlantirishga xizmat qilishini bir zum ham yodidan chiqarmadi. Shuning uchun tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyatini rivojlantirish, bolalarni sportga qiziqtirish uning asosiy ishi boʻlib keldi. Yoshlarga murabbiylik qilish bilan doimiy shugʻullandi, ularning sevimli ustoziga aylandi.

– Muhammadjon aka hozir Andijonda yashaydi, – deydi R. Davidov. – U kishi bilan uchrashganda, endi siz kelib bir koʻrib keting Arnasoyning qanday oʻzgarganini deyman. Siz ham menga oʻxshab ketolmay qolasiz, deb tarixni esga solaman. Bugun misli koʻrilmagan oʻzgarishlar yuz bermoqda. Shu jumladan tuman sportida ham.

Bundan oʻttiz yil muqaddam qurilgan tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi binosi besh avval rekonstruksiya qilinib, zamonaviy sport inshootiga aylantirilgan edi. Bu yil maktabda yana 245 million soʻmlik taʼmirlash ishlari bajarilib yana yangilandi.

Taʼmirlash davomida maktab stadionida 200 metr yugurish yoʻlagi qurildi, tomoshabinlar oʻrindiqlar oʻrnatildi. Asosiy binoning tom qismi yangilandi, devorlari pardozlandi. Sport zali ichki qismi joriy taʼmirdan chiqarildi. Bino atroflarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Hovli atroflariga tungi yoritgichlar oʻrnatildi.

Maktab kengaytirilishi, shart-shariotlarning yaxshilanishi bolalarni koʻproq jalb etish imkoniyatini yaratmoqda. Bundan uch yil avvalgiga qaraganda sport maktabi bolari soni deyarli ikki baravarga koʻpaydi. Ayni paytda maktabda sportning 9 ta olimpiada, 7 ta boshqa turlari boʻyicha 60 guruhda 834 nafar oʻquvchi shugʻullanayotir. Ularning 249 nafari qizlardan iborat.

Maktab sportchilarining natijalari yildan yil, musobaqadan musobaqaga oʻsib borayotir. Joriy yilda ham yaxshi natijalarga erishilayotir. Maktab sportchilari joriy yilda xalqaro musobaqalarda 2 ta, Osiyo turnirlari 3 ta, respublika musobaqalari 60 medalni qoʻlga kiritishdi.

Bu oʻzgarishlarning barchasida Ravil akaning hissasi katta. U murabbiylik faoliyatini boshlaganida endi sportchi sifatida yuqori natijalarga erishish emas, yuqori natijaga erishadigan sportchilarni tayyorlash asosiy maqsad ekanligini anglab yetgandi. U butun faoliyati davomida yoshlarga sport sirlari oʻrgatish, ularga sport bilan shugʻullanishlari shart-sharoitlar yaratish uchun sidqidildan mehnat qilib kelayotir.

– Ravil aka faqat menga emas, koʻplab sportchilarga, sport mutaxassislariga ustozlik qilib kelayotgan tajribali murabbiy, – deydi sport maktabining turon yakka kurashi toʻgaragi rahbari Dilshod Xudoyqulov. – Bugungi kunda maktabimiz koʻp koʻrsatkichlar boʻyicha viloyatdagi eng oldindagi oʻrinlarning birida. Bu yutuqlarda ustozimizning hissasi katta.

Ustoz haqida bunday samimiy fikrni uning boshqa shogirdlaridan, hamkasblaridan ham eshitdik. Koʻpchilikning yaxshi bahosi esa eng munosib mukofotdir.

635
Toshqul BEKNAZAROV, Jamshid YORBEKOV (surat), OʻzA