Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.10.2017 14:27 Chop etish versiyasi

Shirin tashvishning achchiq xulosalari

To‘y – orzu-havaslarimiz, quvonchli kunlarimiz shodiyonasi. Yaxshi niyat bilan dasturxon yozib, ikki yoshning nikoh bazmini yoru do‘stlar davrasida nishonlashning gashti bo‘lakcha.

Ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bu udumdan mohiyatiga ko‘ra bir maqsad ko‘zlanadi – ikki yosh qo‘sha qarib, o‘g‘il-qizli, baxtli bo‘lsin! Keksalarimiz duoga qo‘l ochganda tinchlik-xotirjamlikdan so‘ng "topgan-tutganing to‘yga buyursin, hammamizni to‘ylarga yetkazsin", deb ulug‘ niyat qiladi. Farzandini ulg‘aytirib, to‘y ko‘rsam, elga dasturxon yozsam, degan orzuni diliga tugmagan ota-ona bo‘lmasa kerak. Chunki bu kunlar uzoq kutiladi, shirin tashvishlar bilan tayyorgarlik ko‘riladi.

Biroq... butun umr yig‘ib-terganini birgina to‘y va uning tashvishiga sovurib, ertaga topajak daromadini esa to‘ydan keyingi mashmashalaru, qarz-havolani qaytarishga sarflayotgan ayrim shuhratparast kishilarning ahvolidan og‘rinasan kishi.

Prezidentimiz 2017-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida to‘ylarimiz xususida so‘z yuritar ekan, to‘ylarda me’yoridan ortiq dabdaba-yu, keraksiz urflar ko‘payib borayotgani haqida ochiq-oydin gapirdi.

Ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat “Oila” nomli asarining “Qalin (puli) va to‘y qanday bo‘lishi lozimligi haqida” bobida iqtisodiy savodsizlikni millatimizning eng katta kamchiligi deya ta’kidlagan, odamlar butun umr yiqqan mol-dunyosini bir kunlik to‘yga sarflab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishini kuyunib yozgan edi. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, to‘ylar bilan bog‘liq muammolar, havoyi orzu-havas va ortiqcha dabdaba ortidan kelayotgan tashvishlar hamon hayotimizni tark etmadi.

Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda to‘ylardagi dabdabalarning oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshi ulug‘, mahallada obro‘-e’tibor qozongan insonlar o‘zlarining hayoti misolida to‘ylarda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, turli ortiqcha marosimlarning oldini olish borasida tushuntirish bermoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan “namunali to‘ylar” o‘tkazilmoqda.

– Oila mustahkamligi uning qurilishidagi xarajatlarga emas, balki ikki yoshning bir-biriga mehriga, odob-axloqi va oila to‘g‘risidagi tushunchalariga bog‘liq, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Quva tumani kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azimjon Yo‘ldoshev. – Bugungi kunda yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlar bizni ko‘proq tashvishga solmoqda. Oilaviy ajrimlar tufayli qanchadan-qancha bolalar ota yoki ona mehridan mosuvo bo‘lmoqda. Qolaversa, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarning ko‘pchiligi ota tarbiyasini ko‘rmaganlar tomonidan sodir etilayotir. Barchamiz to‘ylarda ortiqcha sarf-xarajat va isrofgarchilik ko‘payib borayotgani haqida gapiramiz-u, o‘zimizga kelganda o‘sha isrofgarchilikni qilaveramiz. Nima emish, odamlar gap-so‘z qilar emish. Oilaning mustahkamligi muhimmi yoki ayrim og‘ziga kuchi yetmaydiganlarning gap-so‘zlari?! Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘radigan vaqt keldi.

To‘ylarni ixchamlashtirish haqida so‘z ketganda, gap ko‘proq ayollar va orzumand yoshlarga borib taqaladi. Bu borada erkaklarning qat’iyatsizligi, me’yor va talabni ushlay olmasligi, oiladagi nufuzidan o‘rinli foydalana olmayotgani barcha muammoning boshi emasmi?! Qizi yoki singlisining to‘ydan oldin bo‘lajak kuyov bilan turli sayrlarga chiqib, suratga tushishlari, “Sevgi tarixi” fotojamlanmasini tayyorlatib, to‘y kuni katta ekranda namoyish etishini, dugonalariga bir xil libos kiydirish uchun bema’ni xarajat uyushtirishi, o‘z to‘yida vals tushishini chetda jimgina kuzatib turish erkak uchun or emasmi?!

– Shahrimizdagi 52 mahalla fuqarolar yig‘inida to‘ylarni ixchamlashtirishga qaratilgan tadbirlarni muntazam yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Marg‘ilon shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Ergasheva. – Ochig‘ini aytganda, fotiha, mehmon chaqirdi, yuz ochdi kabi ortiqcha marosimlar keyingi paytda avj olgandi. Mahallalar faollari bilan kelishib, bunday marosimlarga butunlay chek qo‘ymoqdamiz.

To‘yxona – murodxona, deydilar. Ammo, o‘ylab ko‘raylik, turli spirtli ichimliklar dasturxonning to‘rini egallagan, ayniqsa, yosh-yalang ochiq-sochiq kiyinib, me’yoridan ortiq bazmu jamshid qilayotgan, kelin-kuyov sahnaning o‘rtasida obdon raqs tushayotgan, ularning boshidan pul sochilayotgan, boshqacha aytganda, isrofgarchilik va dabdaba ustun kelib, sharqona mezonlar oyoqosti bo‘layotgan bunday to‘yxonada tilangan ezgu duolar ijobat bo‘larmikan?

To‘yxona oldida qator turadigan hashamatli zamonaviy mashinalarni ko‘rib, hayratdan ham ko‘ra ularning yarim kunlik xizmat haqi haqida o‘ylaysan kishi. Xomaki hisoblardan iqror bo‘lasizki, shu ulovlarning ijara puliga oila uchun zamonaviy kir yuvish mashinasi yoki muzlatgich xarid qilish mumkin. Ammo to‘y kuni ko‘chani to‘ldirib harakatlanayotgan, go‘yo kimo‘zarga bellashayotgan mashinalarni ko‘rib, mutasaddilar nega befarq, degan savol tug‘iladi kishida.

– Muborak hadislarda ham isrofgarchilikdan qaytarilib, tejamkorlikka targ‘ib-tashviq etiladi, – deydi O‘zbekiston musulmonlar idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili Tursuntohir Erbo‘taev. – Xususan, "Allohning noz-ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayr-ehson qilinglar, kiyinib-yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar”. Binobarin, Allohning amri, rizosi bilan nikoh o‘qilib, to‘y bo‘layotgan xonadondagi tartibsizlik, isrofgarchilik va manmanlik holatlari muqaddas dinimizga ham yot illatlardandir.

Nikoh – bu nafaqat ikki yoshning baxt marosimi, balki jamiyatda yangi oila qurilganidan darak. Shu oilaning poydevori mustahkam, baxti to‘kis bo‘lishini istasak, el og‘ziga tushishni emas, yosh oilaning kelajagi haqida o‘ylash lozim. To‘ylarda hech qachon eskirmaydigan milliy an’analarimiz, urf-odatlarimizni namoyon qilaylik, yosh oilalarga ibrat bo‘laylik. Toki, ular ertaga videotasmaga muhrlangan baxt oqshomini ko‘rib, xijolatda qolishmasin, farzandlari oldida yuzlari qizarmasin.

Ma’sudjon Culaymonov, O‘zA
1 771






Все о погоде - Pogoda.uz