Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 17:59 Chop etish versiyasi

Shiri Shiriyev: Navro‘z xalqlarni tinchlik va do‘stlikka chorlaydigan xalqaro bayramdir

O‘zbeklar va turkmanlar azaldan yonma-yon, ahil-inoq yashab kelgan, o‘zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lmoqda.

Navro‘z ayyomi arafasida Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyev O‘zA muxbiriga ushbu bayramning mintaqamiz xalqlari hayotidagi ahamiyati xususida so‘zlab berdi:

– Barcha xalqlarda bahor yangilanish ramzi hisoblanadi, iliq kunlarning boshlanishi dillarga quvonch bag‘ishlaydi. Asrlar davomida o‘z mohiyatini saqlab kelayotgan hayotbaxsh Navro‘z ayyomi inson ruhini ko‘tarib, xalqlarni do‘stlik rishtasi bilan bog‘laydi. Ushbu qadimiy bayram jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Navro‘z Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Hindiston va boshqa mamlakatlarda eng sevimli bayramlardan biridir.

Uyg‘onish va go‘zallikni ifoda etuvchi, kishiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydigan bu bayram bugungi kunda xalqlarni birlashtirib, mehr-oqibat, ezgulik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etuvchi, butun dunyoda do‘stlik hamda hamjihatlikka da’vat qiladigan xalqaro bayramlardan biriga aylandi.

Jahon madaniyati durdonasida Navro‘z ayyomining o‘rnini mustahkamlash va butun dunyoda uning insoniyatga xizmat qiladigan qadriyatlarini ommalashtirish maqsadida 2009-yil 30-sentabrda 24 davlatning qo‘llab-quvvatlashi samarasida Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eronning hamkorligi va sa’y-harakatlari bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2010-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan 64-sessiyasida 21-martni Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida maxsus rezolutsiya qabul qilindi. Mazkur rezolutsiyaga muvofiq Navro‘z xalqlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlab, Sharq xalqlarining tarixiy-madaniy an’analarini ommalashtirishga xizmat qiladigan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Mamlakatlarimizda bu bayramga odamlar puxta tayyorgarlik ko‘radi. Tarixdan ma’lumki, O‘zbekistonda Navro‘z ayyomida azaldan xalq sayillari, bayram bozorlari, ot poygasi va boshqa tadbirlar tashkil etilgan. Ushbu an’analar bugun ham davom ettirilayotgani quvonarlidir.

O‘zaro ishonch va anglashuv ruhida muntazam o‘tkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar Turkmaniston – O‘zbekiston o‘rtasidagi muloqotni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi katta voqea bo‘ldi va xalqlarimiz o‘rtasida an’anaviy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklikning asosiy yo‘nalishi etib belgilandi. Ikki davlat rahbarlari Turkmaniston hamda O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega ekani va undan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi Turkmaniston bilan O‘zbekiston munosabatlari tarixida yangi sahifani va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Turkmanistonliklar O‘zbekiston xalqining buyuk madaniyatini va taniqli namoyandalari asarlarini yaxshi biladi va ardoqlaydi. Har ikki millatning tarixiy-madaniy ildizlarga ega boy merosi buyuk shaxslar nomlari bilan bog‘liqdir. Zero, ularning faoliyati butun insoniyatning bebaho qadriyatiga aylangan.

Buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Maxtumqulining o‘lmas ijodini qadrlash ikki xalq o‘rtasidagi hurmatning o‘ziga xos ramzidir.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik doirasida 2016-yilda ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Toshkent va Buxoroda o‘tgan Turkmaniston madaniyati kunlari bunga yorqin misol bo‘la oladi. 2016-yilning sentabr oyida Ashxobodda o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston bilan O‘zbekistonning gumanitar aloqalari yangi mazmun-mohiyat kasb etmoqda.

Turkmaniston va O‘zbekiston turizmni rivojlantirish sohasida ham ulkan salohiyatga ega. Mamlakatlarimizning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiiy obyektlarning ko‘pligi buning yorqin tasdig‘idir.

Fursatdan foydalanib, do‘st O‘zbekiston xalqini umumiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z bilan muborakbod etaman, tinchlik, farovonlik va baxt-saodat tilayman!

Anvar Samadov, O‘zA
1 163






Все о погоде - Pogoda.uz